Qadimgi Sinizm: Sivilizatsiyani rad etish va tabiatga qaytish

Sinizm nima?

Sinizm — qadimgi Yunoniston falsafasi bo‘lib, u sivilizatsiyaning murakkab qoidalarini rad etish va tabiat bilan uyg‘un, oddiy hayot kechirishni targ‘ib qilgan. Siniklar insonning haqiqiy qadriyatlari moddiy boylik emas, balki erkinlik va tabiatga yaqinlikda ekanligiga ishonishgan.


Ba’zi yunon faylasuflari falsafiy muammolarni faqat so‘zlar bilan ifodalagan bo‘lsa, boshqalari buni o‘z amaliyotlarida aks ettirganlar. Masalan, yuqorida ta’kidlangan guruhlarning birinchisiga mansub bo‘lgan Platon (miloddan avvalgi 429–347 yillar) faqat so‘zlar yordamida fikrlash va “inson” tushunchasini qanday ta’riflash kerakligi haqida izlanish olib borgan. U insonlarni tuksiz, ikki oyoqli jonzotlar deb ta’riflagan.

Ikkinchi guruhga mansub Diogen (miloddan avvalgi 404–323 yillar) esa Platonning bu fikrini rad etib, o‘z ma’ruzalaridan birida bir tovuqni patlaridan tozalab, “Mana sizga Platonning insoni!” deya e’lon qilgan.

Platon, Diogen va tovuq haqidagi ushbu hikoya Siniklar (Yunon falsafa maktabi, tabiat va oddiylikni qadrlovchi) uchun ramziy ahamiyatga ega. Siniklar parrēsia, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, oddiy, ochiq va erkin nutqni amalga oshirganlar. Diogen Platoni rad etish uchun nafis nazariya yoki ilmiy retorikaga muhtoj emas edi. U faqat bitta tovuq va bir nechta so‘z bilan o‘z fikrini bildirdi.

Siniklar o‘z pozitsiyalarini ifodalash uchun spektakl va aqlli usullarni ishlatish mahoratiga ega edilar. Ammo ularning falsafasi faqat rad etishga asoslanmagan edi. Siniklar, avvalo, sivilizatsiyani tanqid qilib, tabiatni qadrlashgan.

Diogen va Siniklar uchun falsafa taxminiy holatlarni tasavvur qilish yoki qadimiy jumbog‘larni hal qilish emas edi. Siniklar falsafa haqiqiy odamlarning hayotini o‘rganish va yaxshiroq yashashni o‘rgatish, shuningdek, har qanday taqdirga tayyor bo‘lish haqida ekanligini ta’kidlashgan.

Ular buni oddiy yashash uchun tana va ongni tayyorlash orqali amalga oshirganlar. Ushbu maqola qadimiy Siniklar, ayniqsa Diogenning hayotida mavjud bo‘lgan asosiy qadriyatlarni qisqacha bayon qiladi.

1. Yunonistonning yalang’och itlari va ularning kundalik hayotlari

Sinik faylasuflarni qadimiy dunyoda osonlik bilan tanib olish mumkin edi. Ularning uchta asosiy belgisi mavjud edi:

  1. Tribōn – Siniklar oddiy, eskirgan plash kiyib yurishardi. Bu plash nafaqat kiyim, balki uxlash uchun ham xizmat qilardi, chunki ular doimiy uyga ega emas edilar.

  2. Pēra – Bu ularning barcha moddiy mulklarini o‘z ichiga oluvchi sumka edi.

  3. Tayoq – Qadimiy dunyoda shaharlar orasida harakatlanishga yordam beruvchi oddiy yurgich.

Siniklar qayerga bormasin, odamlarni moddiy mulklarni tark etishga va tabiatda oddiy, erkin yashashga undashardi.

“Sinik” so‘zi yunoncha kunikosdan kelib chiqqan bo‘lib, “itga o‘xshash” degan ma’noni anglatadi. Bu nomni ular itlar kabi yashaganliklari sababli olishgan: insoniyat an’analari va qoidalarga befarq bo‘lib, faqat asosiy ehtiyojlar uchun kurashganlar. Diogen bu nomni quchoqlab, o‘zini it kabi tasvirlagan – unga yaxshi munosabatda bo‘lganlarga “dum” silkib, yomonlarga qarshi “vovullab”, ba’zan “tishlagan”.

Siniklar mulk, oziq-ovqat yoki ijtimoiy qoidalardan xavotirlanmagan holda oddiy va befarq yashashgan. Ular odamlarga xarakterni qadrlashni o‘rgatgan – unvonlar, boylik yoki mansabni emas.

Diogen ko‘pchilik odamlarning insoniy salohiyatiga erishmaganini ko‘rganida bu holatdan afsuslanardi. Mashhur voqeaga ko‘ra, u yoritilgan lantern bilan shaharda kezib, “anthrōpos” – “inson”ni qidirmoqda, der edi. Biroq, u hech qachon o‘z izlanishini yakunlamadi.

Diogenning fikricha, itlar odamlarga qaraganda yaxshiroq edi. Ular erkin va tabiiy yashashardi, mulk yoki ijtimoiy tashvishlardan xoli edi. Siniklar barcha insonlar uchun shunday hayot kechirishni orzu qilishgan.

2. Erkinlik va O'zini Ta'minlashga Qanday Erishish Mumkin?

Siniklar o'z falsafasini so'zlarda emas, balki hayotlarida namoyish etganlar. Ular o'z-o'zini ta'minlash (autarkeia) va erkinlik (eleutheria) hayotning asosiy maqsadlari deb bilishgan. Bu maqsadlarga erishish uchun ular askēsis, ya'ni tartibli amaliyot va mashg'ulotlar orqali o'zlarini tarbiyalashgan.

Siniklar har kuni erkinlikka yaqinroq bo'lish va sharoitlarga kamroq bog'liq bo‘lish uchun harakat qilishgan. Masalan, Diogen:

  • Poyafzalsiz yurishni o'rganish uchun yalang oyoqda yurardi.

  • Qimmat taomlardan qochib, sodda ovqatlar, masalan, no‘xat yoki o'tlar bilan yashardi.

  • Uyga bog‘lanmaslik uchun ochiq havoda yoki vino bochkalarida uxlardi.

  • Tabiatga moslashish uchun yozda issiq qumda yuvinib, qishda esa sovuq haykallarga yaqinlashardi.

Bu amaliyotlar faqat mashaqqatli hayot kechirish emas, balki erkinlik va o‘zini ta’minlash yo‘lidagi ongli tanlov edi.

Siniklar inson hayoti har doim qiyinchiliklarni o‘z ichiga olishini tan olishgan, lekin qaysi qiyinchilikni tanlash har bir insonning ixtiyorida ekanini ta’kidlashgan. Ular jamiyatdagi moddiy boylik va qadriyatlarni rad etish qiyin bo‘lsa-da, bu muqobilning — hashamatli turmush tarzining — ko‘proq muammolar keltirishini ogohlantirgan.

Diogen tabiatni qadrlashning ahamiyatini alohida ta’kidlab:

“Xudolar odamlarning hayotini osonlashtirish uchun ko‘plab imkoniyatlar bergan, lekin biz shunchaki ko‘proq narsa talab qilamiz,” — degan.

Siniklar jamiyatning hashamatga va moddiy narsalarga bo‘lgan talablarini tanqid qilib, “ko‘proq pul, ko‘proq muammolar” degan shiorni ilgari surishgan. Ularning hayot falsafasi insonni jamiyatning bosimi va cheklovlaridan ozod qilishga qaratilgan edi.

3. Xulosa

Siniklarning asosiy darslari quyidagicha:

  1. Sivilizatsiyani rad eting. An'ana va moddiy boyliklardan voz kechish baxt va erkinlikka erishishga yordam beradi.

  2. Tabiatni qadrlang. Oddiy va tabiiy hayot insonni baxtli qiladi.

Siniklar odamlarga jamiyatning cheklovlaridan qochib, hayotni it kabi oddiy, erkin va o‘z tabiatiga mos yashashni o‘rgatdilar.


Tarjimon: Behruzbek Ulug’bekov

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: Ancient Cynicism: Rejecting Civilization and Returning to Nature - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology


Bularni ham o’qib ko’ring:
1. Suqrot, Aflotun va Aristotel Donoligi haqida

2. Falsafiy Idrok O'zi Nima Degani?

3. Hayotning Ma’nosi: Bizning Hayotimizga Ma’no Beradigan Narsa Nima?

1 ta izoh:

Izoh qoldirish