"Uyqudagi Malika" Muammosi

Tasavvur qiling, Uyqudagi Malika tajribada ishtirok etmoqda! Yakshanba kuni kechasi u uyquga ketadi. Tajriba olib boruvchilar esa tanga tashlashadi. Agar tanga tikka tushsa, malika dushanba kuni uyg'onadi va keyin yana uxlab, chorshanba kunigacha qaytib uyg'onmaydi. Agar tanga pukka tushsa, u dushanba va seshanba kunlari uyg'onadi, lekin dushanba kuni uyg'onganida unga xotira dorisi beriladi. Natijada, malika seshanba kuni uyg'onganida dushanba kuni uyg'onganini eslay olmaydi.

Bu tajriba "Uyqudagi Malika muammosi" deb nomlanadi. Asosiy savol shunday: tajriba yakunlangach, malika tanganing tikka tushganligiga qanchalik ishonishi kerak?

Faraz qilaylik, malika bu savolga javob berish uchun "ishonchnoma jadvali" dan foydalanadi. Ishonchnoma jadvali 0 dan 1 gacha bo'lgan sonlarni o'z ichiga oladi. Masalan, 1 – biror narsaga to'liq ishonishimizni, 0 esa uning mutlaqo yolg'on ekanligini bildiradi. 0.5 esa haqiqat va yolg'on ehtimolligining teng ekanligini ko'rsatadi.

Malikaning bu savolga javobi qanday bo'lishi kerakligi borasida ikkita yondashuv mavjud:

  1. "Yarimchilar": Malika tanga tikka tushganligiga 1/2 ishonch bildirish kerak deb hisoblaydi.

  2. "Uchlamchilar": Malika tanga tikka tushganligiga 1/3 ishonch bildirish lozim deb o'ylaydi.

Muammo shundaki, qaysi usul to'g'ri va nima uchun to'g'ri ekanini bilish qiyin. Bu masala epistemologiya, ilm-fan falsafasi, ehtimollik nazariyasi va boshqa fanlarga aloqador.

1. "Yarimchilar" yondashuvi

Malika uyquga ketishdan oldin, tanganing tikka tushish ehtimoli 1/2 ekanligini biladi va uxlaganda bu ma'lumotni unutib qo'ymaydi. Shuning uchun, "yarimchilar" fikricha, malika uyg'onganida ham shu ehtimolga ishonishi kerak.

Bu yondashuv ikkita tamoyilga asoslanadi: refleksiya prinsipi va asosiy prinsip.

  • Refleksiya prinsipi: Agar men ertaga biror narsaga ishonishim kerakligini bilsam, bugun ham unga shunday ishonishim kerak.

  • Asosiy prinsip: Bizning ishonchimiz haqiqatga imkon qadar yaqin bo'lishi lozim.

Ushbu tamoyillarga asoslanib, "yarimchilar" malika tanganing tikka tushganligiga 1/2 ishonishi kerak deb hisoblashadi, chunki u uyg'ongunga qadar bu ehtimollik o'zgarmaydi va u yangi ma'lumot olmagan bo'ladi.

2. "Uchlamchilar" yondashuvi: Befarqlik prinsipi

Befarqlik prinsipi ga ko'ra, agar bizda n ta ehtimolli holat bo'lsa va ulardan birortasi ustunroq ekanligiga hech qanday asos bo'lmasa, har bir holat uchun 1/n ehtimollikni qo'llash lozim.

Masalan, narda toshini uloqtirsak, uning 6 tushishi uchun hech qanday afzallik yo'q, shuning uchun har bir raqamning tushish ehtimoli 1/6 bo'ladi.

Shu tamoyilga ko'ra, "uchlamchilar" malikaning 3 xil uyg'onish holatini inobatga olish lozim deb hisoblaydi:

  1. Tanga tikka tushsa – malika dushanba kuni uyg'onadi.

  2. Tanga pukka tushsa – malika dushanba kuni uyg'onadi.

  3. Tanga pukka tushsa – malika seshanba kuni uyg'onadi.

Har uch holat teng ehtimollikka ega, shuning uchun malika tanganing tikka tushish ehtimolini 1/3 deb qabul qilishi kerak.

3. "Uchlamchilar" yondashuvi: Yangi ma'lumot

Yana bir argument shunday: faraz qilaylik, agar tanga pukka tushsa, malika ikki emas, balki 100 marta uyg'onadi.

Bu holda, u uyg'onganida o'zining pukka holatida bo'lish ehtimoli ancha yuqori ekanini sezishi osonlashadi. Hatto u yangi tashqi ma'lumot olmasa ham, "uyg'oqman" degan fakt tanga pukka tushganiga ishora qiladi. Bu holat asl tajribaga ham tatbiq qilinadi: malika pukka holatida ko'proq uyg'onishini bilgani uchun, uyg'ongan har bir lahzasi pukka holatiga ko'proq dalil bo'ladi. Natijada, u tanganing tikka tushganiga 1/3 ishonishi kerak.

4. Xulosa

"Uyqudagi malika" muammosi oddiy tuyulishi mumkin, lekin aslida u falsafa va ehtimollik nazariyasining muhim masalalariga taalluqlidir. Ko'plab faylasuflar "uchlamchilar" yondashuvini to'g'ri deb bilishadi, lekin uning tub mohiyatini hali to'liq tushuntirib bera olishmagan.

Bu muammo faqat ehtimollik nazariyasi uchun emas, balki epistemologiya va ilmiy metodologiya uchun ham muhim savollarni ko'ndalang qiladi. Qachon biz ishonchnomamizni o'zgartirishimiz kerak? Haqiqiy dalillar qanday bo'lishi lozim? Bu savollarga javob berish nafaqat "Uyqudagi malika" muammosini hal qilishga, balki ilm-fan va diniy falsafa sohalarida chuqurroq anglashga yordam beradi.


Tarjimon: Xonzodabegim Muxtorova

Muharrir: Yasmina Muhiddinova

Manba: The Sleeping Beauty Problem - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology 


Bularni ham o’qib ko’ring:
1. Falsafa O'zi Nima? 

2. Falsafa hayot tarzi sifatida (PWOL) 

3. Dalillar: Nega Siz Ishonganingizga Ishonasiz? 

Izoh qoldirish