Paskal Garovi yoxud Xudoga ishonishning pragmatik sababi

Pragmatizm nima? 

Eslaysizmi, bolaligingizda onangiz sizga ko‘kat yeyishni buyurganini? "Shunda katta va baquvvat bo‘lasan," deb ishontirganini-chi? Yoki universitetda soatingizni o‘n daqiqa oldinga sozlab, o‘zingizni darsga kech qolmayotgandek aldab, vaqtida yetib kelganingizni? Biz hammamiz hayotni osonlashtirish uchun foydali fikrlarga suyanamiz. Va aynan shunday qilganimizda, biz pragmatist bo‘lamiz.


Pragmatizm¹ shunday qarashga asoslanadiki, hayotda foydali tushunchalarni topish haqiqatni izlashdan muhimroq. Bunga ko‘ra, ko‘katlar haqiqatan ham mushaklarni o‘stiradimi yoki yo‘qmi — bu ikkinchi darajali masala. Muhimi, agar bu ishonch sizni sog‘lom odatlarga undasa va hayotingizni yaxshilasa, demak, bu tushuncha samaralidir.


Pragmatizm falsafiy yo‘nalish sifatida nisbatan yangidir. Pragmatizmga XX asrda yashagan amerikalik faylasuf va psixolog Uilyam Jeyms asos solgan.  Lekin eng mashhur amerikalik pragmatistlar – masalan, Uilyam Jeyms va, menimcha, Indiana Jons ham – o‘z mafkuraviy ajdodini XVII asr matematigi va faylasufi Blez Paskalda² topishadi.


Aslida, siz deyarli hamma narsaga pragmatistik yondashishingiz mumkin: bilim, ko’katlar, metafizika, axloq yoki hozirgi vaqt haqiqatan 11:30mi yoki 11:40 ekanligini aniqlash uchun ham. Lekin Paskal pragmatizmni falsafaning eng katta savollaridan biriga qo‘lladi: Xudo mavjudmi?


Paskal Xudoga ishongan, bu esa uning yashagan davrini hisobga olsak, unchalik ajablanarlimas. Ammo g‘alati tomoni shundaki, u Xudoning mavjudligini isbotlashga deyarli urinmagan. Buning o‘rniga, uning asosiy e’tibori Xudoga ishonishning amaliy jihatdan foydali yoki foydasizligiga qaratilgan edi.


Paskal Garovi

Bu mulohaza Paskal Garovi³ nomi bilan mashhur bo‘ldi va, aslida, diniy e’tiqod uchun tikilgan garov edi.


Paskalning fikrlashi quyidagicha edi:

Xudo yo mavjud, yo mavjud emas, va aql bu savolga hech qachon aniq javob bera olmaydi. Shuning uchun siz Xudoga ishonish yoki ishonmaslik haqida ko‘r-ko‘rona qaror qilishingiz kerak – bu tanlovni qilmaslikning iloji yo‘q.


  •  Agar siz Xudoga ishonishni tanlasangiz va u haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, cheksiz mukofot – jannatga ega bo‘lasiz.

  • Agar siz Xudoga ishonishni tanlasangiz-u, u mavjud bo‘lmasa, unchalik katta yo‘qotishingiz bo‘lmaydi.

  • Agar Xudoga ishonmaslikni tanlasangiz va u mavjud bo‘lmasa, siz ham katta foyda ko‘rmaysiz.

  • Agar Xudoga ishonmaslikni tanlasangiz-u, u haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, cheksiz jazo – do‘zaxga duch kelasiz.


Demak, eng oqilona qaror har doim Xudoning mavjudligiga garov tikishdir.


Paskal ta'kidlaydiki, agar Xudo mavjudligining ehtimoli ozgina bo'lsa ham, bunday ulkan xavf (do'zax) oldida aqlli inson hech qachon Xudoning yo'qligiga garov tikmaydi. Ma'lumotlarimiz to'liq emasligini hisobga olgan holda, Paskalning fikricha, biz eng manfaatli yo'lni tanlashimiz lozim.


Bu fikr juda ajoyib, shundaymasmi?


Ammo bunga qarshi bahslar ham bor. 

Ba’zilar Paskal noto‘g‘ri hisob-kitob qilgan deb ta’kidlashadi – Xudoga ishonish bilan hech narsani yo‘qotmaysan, degan fikr haqiqatga mos emas.


Agar Xudo mavjud bo'lmasa, siz behuda cheklovlarga bo'ysungan bo'lasiz. Misol uchun, yakshanba tonglarida rohatlanib uxlash imkoniyatidan, erkin hayot kechirishdan yoki, aytaylik, istagan narsangizni qilish erkinligidan mahrum bo'lasiz.


Bu mantiqqa ko‘ra, agar bularning barchasidan xayoliy narsa yo‘lida voz kechsangiz, yutqazasiz. 

Ammo Paskal, taniqli pragmatist Uilyam Jeyms singari, bu fikrga qo‘shilmagan. Chunki ular  Xudoga ishonish inson hayotini yaxshiroq qiladi deb hisoblashadi, hatto Xudo haqiqatda bo‘lmasa ham.

Uning fikricha, dindor odamlar yaxshiroq hayot kechiradilar, lekin bu Xudoning ularni mukofotlashidan emas, balki iymonning o‘zidan kelib chiqadigan foydalar sabablidir.

Misol uchun, dindor kishi dunyoning tartibli va ma'noli ekanini his qiladi, doimo kimdir uni kuzatib turganiga ishonadi va o'lim so'nggi nuqta emasligini bilib, xotirjam umr kechiradi. Biroq, diniy e'tiqod rostdan ham taskin bersa-da, Paskalning niyati shubha ostiga olinishi mumkin.

Xudoga shunchaki "eng xavfsiz yo'l shu" deb ishonish – bu chin e'tiqod hisoblanadimi?

Xudo o'ziga shunchaki "ehtiyot chorasi sifatida" ishonilishini istarmidi?

Paskalning javobi – ha!

E'tiqodni qanday va nima sababdan qabul qilishingiz muhim emas, chunki asosiy narsa – Xudo sizni qanday bo'lmasin, o'z tomoniga jalb etsa kifoya.

Xo'sh, qanday qilib faqat "eng yaxshi tanlov" bo'lgani uchun e'tiqodni o'zlashtirish mumkin? Juda oddiy! Paskal aytadiki, inson o'zini ishonishga majbur qilishi kerak. Boshqacha aytganda, dastlab shaxsiy manfaat uchun boshlangan jarayon vaqt o'tishi bilan samimiy e'tiqodga aylanadi.

Bunga erishishning yo'li – diniy amallar bilan muntazam shug'ullanishdir. Masalan, ibodatxona yoki masjidga qatnashni boshlash, ibodat qilish, diniy jamoa bilan aloqada bo'lish. Boshida, bu g'ayritabiiy va soxta harakatdek tuyulishi mumkin, ammo vaqt o'tishi bilan e'tiqod hayotingizning ajralmas qismiga aylanadi.


Indiana Jons va Chin E’tiqod

Bilasizmi, bu nimaga o‘xshaydi? Indiana Jons va So‘nggi Salib Yurishi filmiga. Bu ehtimol pragmatik e’tiqodning filmdagi eng yaxshi allegoriyalaridan⁴(ko'chma ma'noli ramziy hikoya) biridir.

Indiana Jons trilogiyasi davomida Indiana Xudo bor yoki yo‘qligi noma’lum deb hisoblaydigan inson sifatida tasvirlangan. U diniy muqaddas buyumlar izlaydi, lekin bu buyumlarning mo’jizaviy kuchlari unga ko‘ra shunchaki “ertak” edi.

Shunday qilib, So‘nggi Salib Yurishi filmining oxirida Indiana Jons qadimiy ibodatxonada Muqaddas Graalni topishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo u yerdagi bir qancha tuzoqlardan o‘tishi kerak bo‘ladi – va har bir tuzoq go‘yo imtihon kabi edi. U qayerda tiz cho‘kish kerakligini bilishi, Xudoning ismini to‘g‘ri yozishi va tubsiz jarlikka o‘zini tashlab, qandaydir mo’jiza bilan tirik qolishiga ishonishi lozim edi.

Indiana bu sinovlarning barchasidan o'tadi. Lekin u buni to'satdan dindor bo'lib qolganidan emas, balki, shunchaki kerakli harakatlarni bajarish orqali uddalaydi, xolos. U aslida diniy amallarni mexanik tarzda bajarmoqda.

Paskal buni ko'rsa, shubhasiz, g'ururlanardi. Chunki uning nazarida Indiana Jons to'g'ri yo'lda – ya'ni avval shunchaki amallarni bajarib, oxir-oqibat chin qalbdan e'tiqod qiladigan darajaga yetish yo'lida.

Ammo ayrim tanqidchilar pragmatizm uchun "soxta ishonch bilan haqiqatga erishish" yetarli emasligini ta'kidlaydi. Masalan, siz shunday farzandlardan biri bo'lgan bo'lishingiz mumkin: dindor oilada ulg'aygansiz, lekin hech qachon e'tiqodni yurakdan his qilmagansiz.

Har kim diniy muhitda voyaga yetgan, ammo katta bo'lgach, bu e'tiqodni rad etgan insonlarni biladi. Ular uchun o'zlarini majburan dinga kiritish nafaqat foydasiz, balki chuqur ruhiy azobga ham sabab bo'lishi mumkin – bu esa aynan pragmatizm izlagan narsaning aksidir.

Shunday ekan, pragmatistlar uchun eng yaxshi maslahat shuki: dinga ishonmaydigan insonlar shunchaki hayotlarini yashashda davom etishlari kerak. Balki ular Xudoni topishadi, balki topishmaydi, lekin e’tiqodni dori ichgandek qabul qilish, uni o’zlashtirishning eng yaxshi usuli emasga o‘xshaydi.

Xullas, Paskal biz Xudoga ishonishimiz kerakligini ta'kidlagan, chunki e'tiqod amaliy jihatdan foydalidir.


Diniy E’tiqod — aql-idrokka zid?

Ammo XIX asrda yashagan daniyalik faylasuf Soren Kirkegor⁵ esa bundan ham o’tib tushdi. U “Fideizm”⁶ deb nomlanuvchi mashhur qarashni qabul qilib, shunday degan: “Men ishonaman, chunki ishonish bema’nilikdir.”

Fideizm shunday nuqtai nazarni ilgari suradiki, diniy e’tiqod faqatgina iymondan kelib chiqishi kerak. Unga ko‘ra, Xudo borligi haqidagi dalillar yoki falsafiy isbotlar dinning eng ajoyib tomonini – ya’ni sir-sinoat va hayrat hissini – yo‘q qilib yuboradi.

Kirkegorning fikricha, Xudoga ishonishning eng g‘aroyib jihati shundaki, bu mutlaqo mantiqsiz. Uni faqat aql bilan tushunib bo‘lmaydi. Shu sabab, u e’tiqodni "iymonga sakrash" deb atagan – ya’ni inson Xudoga ishonish uchun aql-idrok bilan emas, balki butunlay taslim bo‘lishi va o‘zini shu e’tiqodga topshirishi kerak.

Va yana Indiana Jonsga murojaat qilamiz. Oxirgi Salib Yurishi filmida, Indiana o‘zining so‘nggi imtihoni – e’tiqod sinoviga duch keladi. U Muqaddas Graalga yetib borish uchun qo‘rqinchli, zulmatga to‘la jarlik ustidan sakrashi kerak bo‘ladi. Bu mutlaqo mumkin emas – go‘yoki o‘z joniga qasd qilish bilan barobar edi.

Ammo keyin ma’lum bo‘ladiki, aslida u yerda bir ko‘rinmas ko‘prik bor. U buni ilg‘ay olmaydi, lekin faqat birinchi qadamni tashlash orqali ko‘prikning borligini bilishi mumkin.

U aql-idrokka zid narsaga ishonib, tavakkal qilishi kerak. Kirkegorga ko‘ra, din aynan shu narsa – aqliy dalillarga tayanmagan holda, yurakdan ishonch bilan qadam tashlash.

Biz sakraymiz va umid qilamizki, Xudo bizni tutib qoladi. Va buni bilishning yagona yo‘li – sakrash. Haqiqiy haqiqatga yetish uchun aqlni chetga surib, to‘liq taslim bo‘lishimiz kerak.


Haqiqiy Tanlov

Faylasuf Bertrand Russell⁷ shunday fikr bildirgan edi: tasavvur qilaylik, Quyosh atrofida, Yer va Mars orasida chinni choynak aylanib yuribdi. Endi, faraz qilaylik, Yerdagi odamlarning bir guruhi – "Choynakchilar" shunday fikrni ilgari surishadi: agar biz choynakning yo‘qligini isbotlay olmasak, demak, uning borligiga ishonish uchun asos bor.

Bundan tashqari, ular ulug‘vor ibodatxonalar qurishadi, haykallar o‘rnatishadi, qo‘shiqlar kuylashadi, har hafta yig‘ilib, choynakdan hayotlarida yordam so‘rashadi.

Biroq boshqalar Choynakchilarni kulgiga qolgan, aqlga zid e’tiqodli odamlar deb hisoblashadi, chunki bu choynakning borligini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q. Ammo Choynakchilar shunchaki javob berishadi: "Siz bizning choynagimiz yo‘qligini isbotlay olmaysiz-ku!"

Va... nima demoqchi ekanligimni anglayapsiz, to‘g‘rimi? Pragmatizm yoki iymonga sakrash – agar siz Xudoning mavjudligi haqidagi argumentlardan qoniqmayotgan bo‘lsangiz, yechim bo‘lishi mumkin.

Lekin biror narsaga faqat u qulay bo‘lgani uchun yoki uni isbotlashga ehtiyoj bo’lmagani uchun ishonish ham xavfsiz yo‘l emas.

Axir, agar biz Xudoga ishonishimiz mumkin bo‘lsa, unda Russelning choynagiga yoki Uchib yuruvchi Spagetti Mahluqi⁸ ga ham ishonishimiz mumkin. Yoki, bundan ham yomoni, biz Xudo haqida xatoli tushunchalarga – masalan, U ayrim insonlarning huquqlarini inkor qilishimizni, yoki ularni o‘ldirishimizni istaydi, degan fikrlarga ham ishonib qolishimiz mumkin.

Toʻgʻri, bu qarashlar ko‘pchilik dindorlarning e’tiqodini ifodalab bermaydi. Ammo muammo shundaki, agar siz aqlni butunlay chetga surib qo’ysangiz , sabablar va dalillardan butunlay voz kechsangiz, barcha e’tiqodlar falsafiy jihatdan teng bo‘lib qoladi.

Haqiqat va qadriyatlar o‘rtasidagi farqni anglashimizga dalillar va asosli fikrlash yordam beradi. Agar biz ulardan foydlanmasdan faqat iymonga tayanib qolsak, bizning dinga oid barcha dalillarimiz quyidagidan iborat bo‘lib qoladi:

"Men iymon keltirgan narsalarimga ishonaman. Va shu xolos."

Bu holatda hech kim boshqalarining e’tiqodini noto‘g‘ri, xavfli yoki asoslanmagan deb ayta olmaydi. Chunki iymonni isbotlab bo‘lmaydi.

Shunday ekan, oxirgi tanlov sizniki.

Siz Paskal kabi pragmatik yo‘l bilan Xudoga ishonishingiz yoki Kirkegor kabi “iymon sakrashi” qilish orqali ishonishingiz mumkin.


Yoki butunlay rad etishingiz ham mumkin.


Izohlar: 


[1] Pragmatizm - Falsafiy yo‘nalish bo‘lib, haqiqatni aniqlashdan ko‘ra, e’tiqod va qarashlarning amaliy foydasini ustun qo‘yadi. Bu yo‘nalishning asoschilari orasida Charlz Sanders Pirs, Uilyam Jeyms va Jon Dyuidek kabi faylasuflar bor.


[2] Blez Paskal - Fransuz matematigi, faylasufi va ilohiyotchisi. U ehtimollar nazariyasi, loyihaviy geometriya va suyuqliklar mexanikasi sohalarida katta hissa qo‘shgan. Diniy falsafadagi eng mashhur qarashlaridan biri Paskal garovidir. 


[3] Paskal Garovi - Blez Paskal tomonidan ilgari surilgan argument bo‘lib, u Xudoga ishonish amaliy jihatdan eng oqilona tanlov ekanligini asoslaydi. Ushbu fikr iymon va manfaat o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatishga harakat qiladi.


[4] Allegoriya - bu biror tushuncha yoki g‘oyani ramziy tasvirlash usuli. Indiana Jonsning sinovlari diniy e’tiqodning pragmatik yondashuvini tasvirlaydi.


[5] Soren Kirkegor - Daniyalik faylasuf, fideizm va ekzistensializmning asoschilaridan biri. Uning fikricha, Xudoga ishonish aql-idrok bilan emas, balki yurakdan qabul qilinadigan iymonga sakrash orqali amalga oshadi. 


[6] Fideizm - Diniy e’tiqodni mantiqiy dalillar yoki ratsional isbotlar emas, balki sof iymonga asoslash g‘oyasi. Bu qarash Kierkegaard tomonidan keng targ‘ib qilingan.


[7] Bertrand Russell - Britaniyalik faylasuf, matematik va ateist. U din va metafizikaga oid skeptik qarashlari bilan mashhur bo‘lib, Russell choynagi orqali Xudo haqidagi e’tiqodning asoslanmaganligini ko‘rsatishga harakat qilgan.


[8] Uchib yuruvchi Spagetti Mahluqi(FSM) - 2005-yilda Bobby Xenderson tomonidan tanishtirilgan satirik diniy obraz. U din va ilohiy mavjudotlarning isbotlanmaganligini hajv qilish uchun yaratilgan.


Tarjimon: Saidlaziz To’lqinov

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: Crash Course


Bularni ham o’qib ko’ring:

1. Falsafiy matnlarni qanday o‘qish kerak

2. Falsafa hayot tarzi sifatida (PWOL) 

3. Dalillar: Nega Siz Ishonganingizga Ishonasiz?


Izoh qoldirish