San’at va estetika: Falsafiy nazariya va hayotdagi ahamiyati

San’at va estetika: Falsafiy nazariya va hayotdagi ahamiyati

Ko‘zlaringizni yumib, bronzadan yasalgan mushuk haykalini tasavvur eting. Juda yoqimli mushukcha, shundaymi? Endi esa, bu haykal yirik universitetning zinapoyasi boshiga o‘rnatilganini ko‘z oldingizga keltiring. Talabalar turli qiziqarli nayranglar qilishlari mumkinligi sababli, universitet ma’murlari haykalni o‘g‘irlanishdan saqlash maqsadida uning bo‘yniga zanjir taqib, poydevorga mahkamlab qo‘yishgan. Aslida, bu haykal san’atkor tomonidan zanjirsiz yaratilgan edi. Biroq zanjir shunchalik uzoq vaqt davomida o‘sha joyda qolib ketganki, keyingi avlodlar bu haykalni "zanjirband mushuk" deb atay boshlashgan. Endi savol tug‘iladi: bu zanjir san’at asarining ajralmas qismiga aylanganmi? Bu zanjirband mushuk haykalimi yoki mushukning zanjirband haykalimi?

Estetika va Kundalik Hayot

Ehtimol, siz san’atga unchalik qiziqmaydigan kishilardandirsiz - hatto u mushuk haykali bo‘lsa ham. Shunday bo‘lsa, san’atni juda tor doirada tushunayotgan bo‘lishingiz mumkin. Kundalik hayotingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Agar ko‘pchilikka o‘xshash bo‘lsangiz, estetik zavqlanishga anchagina vaqtingizni sarflaysiz - ya’ni, sezgilar orqali idrok etiladigan go‘zallikdan lazzatlanishga. Masalan, mashinada ketayotganingizda musiqa tinglaysizmi? Devoringizga plakatlar yoki noutbukingizga stikerlar yopishtirib qo‘yganmisiz? Quyosh botishini, rang-barang qushni yoki hatto jozibali notanish odamni ko‘rganda kayfiyatingiz ko‘tariladimi? Sevimli taomingizning birinchi luqmasidan rohatlanasizmi? Yoxud sevimli film va kitoblaringiz qahramonlariga mehr qo‘yasizmi? Bularning barchasi estetik qadriyatlarni anglashning namunasidir.

San'atning Mohiyati: Falsafiy Yondashuv

San’at va estetikaning inson hayotidagi o‘rnini o‘rganadigan faylasuflar - estetiklar deb ataladi. Ular ko‘pincha "San’at aslida nima?" degan asosiy savolni o‘rtaga tashlaydilar. Bu juda murakkab mavzu, biroq uni tushunishning bir yo‘li bor - odamlar estetik jihatdan yoqimli deb hisoblaydigan narsalarni tadqiq etishdir. Estetik qadrlash obyekti deganda, bizda qimmatli estetik tuyg‘ularni uyg‘otadigan narsalar nazarda tutiladi. Inson tabiatiga ko‘ra bunday narsalarga moyil bo‘ladi. Misol uchun, biz mashina, telefon yoki poyabzal tanlaydigan paytda ularning vazifasidan tashqari, chiroyliligiga ham katta ahamiyat beramiz.

Estetiklar odatda estetik qadrlash obyektlarini ikki turga ajratadilar: san’at asarlari, ya’ni inson tomonidan yaratilgan narsalar va tabiiy go‘zallik namunalari. Ammo bu bo‘linish ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Chunki qaysi nuqtadadir biror san’at asari boshlanadi va qayerdadir tugaydi.

Masalan, rasmning ramkasi, mushuk haykalining zanjiri yoki eski vinil plastinkadagi shovqin – bularning barchasi san’atning bir qismi hisoblanadimi?

San’atni Kim Baholaydi?

San’at asarining qadri kim tomonidan belgilanadi? Uni yaratgan insonning niyati muhimmi yoki asarning tomoshabinlarda uyg‘otadigan hissiy tajribasi asosiy mezonmi? Ba’zi odamlar, masalan, 19-asr rus yozuvchisi Lev Tolstoy san’atni asosan san’atkor tomonidan ifodalanadigan chuqur tuyg‘ular bilan bog‘lagan. Uning fikricha, san’atkor o‘z ichki hissiyotlarini boshqalar bilan bo‘lishish uchun san’at yaratadi. Biroq, boshqa faylasuflar san’atning qiymati asarni yaratish jarayonida emas, balki u tomoshabinlarga yetkazadigan hissiyotlarda ekanligini ta’kidlaydilar.

Boshqa bir savol: hayvonlar san’at yarata oladimi? Masalan, bo‘yoq bilan o‘ynayotgan maymun yoki tasodifan qog‘oz ustida iz qoldirgan skuns san’at asari yaratgan hisoblanadimi? Ehtimol, skunsni san’atkor deb hisoblamasligingiz mumkin, lekin u yaratgan narsa san’atga tenglashtirilishi mumkinmi?

Go‘zallik: Subyektiv yoki Ob'yektiv tushunchami?

San’at va estetik qadriyatlar masalasi falsafaning keng sohasi – qadriyatlar nazariyasiga taalluqli. Biroq, axloq falsafasidan farqli o‘laroq, estetika ko‘pincha qat’iy javoblar bermaydi. Chunki go‘zallik aksariyat hollarda subyektiv tushuncha sifatida qabul qilinadi. Agar haqiqatan ham go‘zallik shaxsiy qarashga bog‘liq bo‘lsa, estetik qadriyatlar haqida bahslashish mumkinmi?

XVIII asr shotland faylasufi Devid Yum san’at haqida mulohaza yuritishda muhim bir jihatni ta’kidlagan: "Men buni yoqtiramanmi?", degan savol bilan "Bu yaxshi san’at asarimi?", degan savolni adashtirmaslik lozim. Yumning fikricha, insonning biror narsani yoqtirishi subyektiv bo‘lib, bu borada u xato qila olmaydi. Ammo san’at asarining "yaxshi" yoki "yomon" ekanligi masalasi birmuncha murakkab. Yum insonlar tabiatan ayrim shakl va naqshlarni go‘zal, boshqalarini esa xunuk deb qabul qilishga moyil ekanligini ta’kidlagan. Misol uchun, biz sog‘lomlikni aks ettiruvchi tasvirlarni ma’qul ko‘ramiz, ammo chirigan narsalardan jirkanamiz. Biz simmetriyani yoqtiramiz va nomutanosiblikdan qochamiz. Yumning fikricha, estetik did ham ta’m kabi shakllanadi - ayrim kishilar tabiatan san’atni chuqurroq anglash qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Biroq, bu qobiliyatni mashq qilish orqali ham rivojlantirish mumkin.

Xulosa

San’atni anglash va qadrini bilish bizga nafaqat zavq bag‘ishlaydi, balki dunyo va insonlar haqida teranroq tushuncha hosil qilishimizga ham imkon yaratadi. Biz san’at asari nima ekanligini va uni qanday baholash mumkinligini mulohaza qildik. Estetik qadriyatlar obyektiv yoki subyektiv ekanligi to‘g‘risidagi bahslarni tahlil etdik hamda inson didining qay tarzda shakllanishini muhokama qildik. San’at va estetika haqida fikr yuritish insoniyat madaniyatini yanada boyitadi va hayotimizga yangicha mazmun baxsh etadi.

Tarjimon: Humoyunbek Mirzayev
Muharrir: Orifjon Narimanov

Manba: Aesthetic Appreciation: Crash Course Philosophy #30


Bularni ham o’qib ko’ring:

1. Vitgenshteynning "Shaxsiy til" argumenti

2. Falsafa hayot tarzi sifatida (PWOL) 

3. Dalillar: Nega Siz Ishonganingizga Ishonasiz? 


Izoh qoldirish