- 22:54 / 19.03.2025
- , Falsafa
So‘zlar va Ularning Yashirin Ma’nolari: Grays Nazariyasi va Implikatura

Aytayotgan so‘zlaringiz haqida qanchalik ko‘p o‘ylaysiz? Ya’ni, aynan qanday so‘zlarni ishlatayotganingiz haqida Aytgancha, “rosdan ham” degan ibora haddan tashqari ko‘p ishlatiladigan so‘zlardan biri. Odamlar uni ko‘pincha ta’kid yoki urg‘u berish uchun ishlatishadi, lekin ko‘p hollarda noto‘g‘ri qo‘llashadi. Masalan, kimdir “Men rostdan ham ochlikdan o'lyapman!” desa, bu gapni jiddiy qabul qilish kerak emas. Chunki u odam aslida ochlikdan halok bo‘layotgani yo‘q, u shunchaki juda och. Agar siz bizning eski tanishimiz Ludvig Vitgenshteyn bo‘lmasangiz – u tilning o‘ziga xos ichki ma’nosi yo‘qligiga ishonardi – unda so‘zning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’nosi odatda umumiy qabul qilingan, aniq ma’noni anglatadi. Ya’ni, bu so‘zning asl mohiyati, uning nimani ifodalashi kerakligi. Agar siz uzoq vaqt davomida to‘yib ovqatlanmaganingiz bois jiddiy oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmayotgan bo‘lsangiz, "Men rostdan ham ochlikdan o‘layapman!" deb aytganingiz haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin hammamiz shunday gaplarni aytamiz, shunday emasmi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, gapirgan so‘zlaringizning qanchasi haqiqatan ham o’z ma’nosida emas, balki obrazli iboralar orqali ifodalanadi? Ko‘plab iboralar nafaqat o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’nosini, balki yashirin yoki chuqurroq ma’nolarni ham ifodalaydi. Ular ko‘pincha turli madaniyatlar, tarixiy voqealar yoki hayotiy tajribalar asosida shakllangan bo‘lib, muloqotga noziklik va ifodalilik qo‘shadi. Ko‘pincha, biz bu iboralarni bevosita aytishni istamagan fikr yoki hissiyotlarni ifodalash uchun ishlatamiz. Ular gapimizga obrazlilik, noziklik va ma’no chuqurligini qo‘shib, muloqotni yanada ta’sirli qiladi. Masalan, "Uning fe’l-atvori juda yaxshi" deganda, biz aslida uning xarakteri unchalik ham yaxshi emasligini, balki og’ir yoki injiq ekanligini nazarda tutayotgan bo‘lishimiz mumkin. Xuddi shuningdek, bir ayol "O’zimga qarab kelay" desa, bu shunchaki kosmetika haqida emas – bu ibora ko‘pincha muloyimlik bilan hojatxonaga borishni bildirish uchun ishlatiladi. Bunday iboralar tilga boylik va ifodalilik qo‘shadi, ularni tushunish esa muloqotning nozik jihatlaridan xabardor bo‘lishni talab qiladi. Biz ilgari so'zning ma'nosi juda nozik tushuncha ekanini aytgan edik – ya'ni so'z ma'nosi vaqt, joy yoki tilga qarab o'zgarishi mumkin. Ammo bundan ham murakkabroq holat mavjud: odamlar ko'pincha aytgan so'zlarining haqiqiy ma'nosidan boshqacha ma'noni nazarda tutadilar. Bu savollarga javob topishda 20-asr britaniyalik faylasufi Pol Grays (Paul Grice) bizga katta yordam beradi. Uning muloqot tamoyillari biz qanday qilib so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki kontekst, ohang va yashirin ma’nolar orqali tushunishimizni izohlab beradi. U insonlarning faqat aytilgan gapni emas, balki aslida nimani anglatayotganini qanday tushunishini aniq izohlashni maqsad qilgan. Buning uchun u suhbatdagi ishora (conversational implicature) deb nomlangan nazariyani ishlab chiqdi. Graysning fikricha, biz muloqot davomida ma’nolarni qanday tushunishimizni to‘g‘ri anglash uchun “aytilgan” va “ishora qilingan” narsalar o‘rtasidagi farqni ajratib olishimiz kerak. “Aytilgan” deganda, gapiruvchi tomonidan aniq ishlatilgan so‘zlar, ya’ni gapning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, lug‘aviy ma’nosi. Biroq, “ishora qilingan” deganda, aytilgan so‘zlar ortida yotgan yashirin ma’no, suhbat konteksti, madaniy omillar va boshqa nozik belgilar nazarda tutiladi. Bu bizga gapning yuzaki ma’nosidan tashqariga chiqib, aslida nimani anglatayotganini tushunishimizga yordam beradi. Misol uchun, restoranda kimdir ofitsiantga “Tuz bor-mi?” desa, bu shunchaki uni borligini tekshirish uchun berilgan savol emas. Balki “Menga tuz kerak, iltimos, olib keling” degan ishora bo‘lishi mumkin. Bu farqni tushunish Graysning suhbatdagi ishora (conversational implicature) nazariyasining asosiy qismidir va insonlar qanday qilib yashirin ma’nolarni anglashini tushuntiradi. Implikatura biz aytgan so‘zlarning bevosita ma’nosini ularning aytilgan konteksti bilan birlashtiradi. Bu kontekst juda keng bo‘lishi mumkin: avvalgi umumiy tajribalar, ijtimoiy normalar, yuz ifodalari, ovoz ohangi va hatto qo‘l harakatlari ham unga kiradi. Graysning fikricha, har qanday muloqot o’rinli bo‘lishi uchun muayyan shartlar bajarilishi kerak. Eng avvalo, suhbat ishtirokchilari haqiqatan ham bir-birlari bilan muloqot qilishga harakat qilishi va uni samarali olib borishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, unda suhbatdoshlar "hamkorlik tamoyili" (cooperative principle)ga rioya qilmoqda, deb hisoblanadi. Grays, shuningdek, muloqot jarayonida hamkorlik tamoyiliga rioya qilishga yordam beradigan maxsus qoida va tamoyillarni, ya’ni Grays maksimlarini ilgari surgan. Miqdor (Quantity) – yetarlicha, lekin ortiqcha bo‘lmagan ma’lumot berish. Sifat (Quality) – faqat haqiqatni aytish va isbotsiz da’volardan qochish. Aloqalilik (Relevance) – mavzuga doir gapirish. Usul (Manner) – aniq, tushunarli va tartibli bo‘lish. Bu qoidalar ko‘pdek tuyulishi mumkin, lekin Graysning fikricha, biz ularni allaqachon kundalik suhbatlarimizda tabiiy ravishda qo‘llaymiz. Chunki, odatda, biz muloqot qilar ekanmiz, tushunarli bo‘lishni xohlaymiz. Eng qiziq tomoni shundaki – har kim ushbu yozilmagan qoidalardan xabardor bo‘lgani uchun, biz ularni ba’zan ataylab buzishimiz ham mumkin. Boshqalar esa bizning bu qoidalarni ongli ravishda buzayotganimizni tushunishadi. Nega bunday qilamiz? Chunki qoidani ataylab buzish orqali ma’lum bir fikrni yanada ta’sirli qilib yetkazish mumkin. Bunga "maksimni buzish" (flouting a maxim) deyiladi. Masalan, biz istehzo qilayotganimizda sifat maksimini buzamiz. Yoki biz maqsadli ravishda juda murakkab va balandparvoz so‘zlardan foydalanganimizda, suhbatdoshimizni chalkashtirish yoki uni xijolatga qo‘yish uchun uslub maksimini buzamiz. Shunday qilib, biz qanday qilib nimanidir bevosita aytmay turib, aynan shu ma’noni yetkazishni o‘rgandik. Endi esa, shularni hayotda qo’llash vaqti keldi! Tarjimon: Humoyunbek Mirzayev Muharrir: Samandar Erkinjonov Manba: Netflix & Chill: Crash Course Philosophy #27 1. Vitgenshteynning "Shaxsiy til" argumenti
Chunki siz aslida ochlikdan o‘layotgan emas, balki shunchaki juda och bo‘lishingiz mumkin.Biz ko‘pincha iboralar, qisqa jumlalar, jargon va metaforalar orqali fikr bildiramiz.
Shunday bo‘lsa-da, bir-birimizni qanday qilib tushunamiz?
Qanday qilib "yomon" aslida "yaxshi" degan ma’noni anglatishini bilamiz?Bu maksimlar to‘rtta asosiy turga bo‘linadi:
Bularni ham o’qib ko’ring:
Izoh qoldirish