Aqlni rivojlantirish o'yinlari.

Har kuni bir necha daqiqa aqliy o'yinlar bilan shug'ullanish miyangizni o'tkirlashtiradi, degan va'da juda jozibador tuyulishi mumkin. Ammo afsuski, ilm-fan bu fikrni tasdiqlamaydi.

"Aqliy o'yinlar murakkab muammoning tezkor yechimi sifatida targ’ib qilinadi, ammo bu aslida aytilganidek samarali bo’lmasligi mumkin"– deb ta’kidlaydi Illinoys universiteti psixologiya professori Daniel Simons.


2016-yilda Simons va uning hamkasblari miya mashq o'yinlari va boshqa kognitiv mashqlarga oid 130 dan ortiq ilmiy maqolalarni tahlil qilishdi. Tahlil natijalariga ko'ra, ushbu dasturlarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan keltirilgan tadqiqotlarning aksariyati sifatsiz bo'lib, ular xotirani yaxshilash yoki haydovchilik mahoratini oshirish kabi real hayotdagi foydalarni isbotlay olmagan. Buning o'rniga, tadqiqotlarda faqat o'yinlarning o'zida ishlatilgan kognitiv vazifalar bo'yicha foydalanuvchilarning natijalari o'lchangan.


Simonsning ta'kidlashicha, "Ushbu tadqiqotlarning ozgina qismi real-hayotdagi natijalarni o'lchaydi. Ko'pchiligi tadqiqot natijalarini obyektiv ravishda baholashga e'tibor bermaydi." Masalan, ba'zi tadqiqotlarda ishtirokchilar o'zlarining kognitiv qobiliyatlarini o'zlari baholashgan, kognitiv test natijalari emas.


Bundan tashqari, 75 nafar xalqaro olimlar 2014 yildagi konsensus bayonotida aqliy o'yinlar haddan tashqari bo'rttirilib yuborilganligini va ularning kognitiv pasayishni qaytarishda hech qanday ishonchli ilmiy dalillar yoqligini ta'kidlashdi. Ushbu tanqidlar fonida 2016 yilda AQSh Federal Savdo Komissiyasi (FTC) Lumosity ishlab chiqaruvchilari ustidan ilmiy asosga ega bo'lmagan reklamalar tufayli aldamchi reklama faoliyatida aybladi.


Ko‘pchilik aqliy o‘yinlarni juda samarali deb hisoblasa-da, ularning samaradorligi cheklangan. Miyaning o‘zgaruvchan va moslashuvchan tabiati tufayli, u tajriba orqali yangi yo‘llar va ulanishlar hosil qiladi. Biz qandaydir ko‘nikmani mashq qilganimizda, miyamiz o‘zgarishga moslashadi, natijada biz o‘sha ko‘nikmada yaxshilana boraveramiz. Ammo, uzoq vaqtdan beri olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu mashg‘ulotning ta’siri faqat ma’lum bir vazifaga tegishlidir. Ya’ni, bir sohada yaxshilanish boshqa sohalarda yaxshilanishga olib kelmaydi. 

Agar siz har kuni krossvord yechish bilan mashg‘ul bo‘lsangiz, faqat krossvord yechish qobiliyatingiz oshadi, ammo bu gavjum to‘xtash joyidan mashinangizni topish qobiliyatingizni yaxshilashga yordam bermaydi. Shuningdek, kompyuterda aqliy o‘yinlarni o‘ynash faqat shu o‘yinlardagi natijalaringizni yaxshilaydi, ish yoki o‘qishdagi samaradorlikka esa hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.


Shu bilan birga, bu dasturlar umuman samarasiz, degan ishonchli dalillar yo‘q va olimlar ularni o‘rganishni davom ettirmoqdalar. Simons aytadiki, biz treninglarning miya faoliyatiga ta'sirini bilganimizga qaramay, o'yinlar shaklida beriladigan miya mashqlari, biz muhim deb hisoblaydigan va keksalarni tashvishga soladigan ko'nikmalarni yaxshilashini aytish ajablanarli bo'lardi.


Miyangizni sog‘lom saqlashning eng yaxshi yo‘li - bu faqat tezkor yechimlarga umid qilish emas, balki sog‘lom turmush tarzini yaxshilab, umumiy farovonligingizni mustahkamlashdir. 

Sog‘lom ovqatlanish, muntazam mashq qilish va yetarli uyqu miya salomatligi uchun juda muhim. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ayniqsa aerobika mashqlari miya faoliyatini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar siz muayyan ko‘nikmani rivojlantirmoqchi bo‘lsangiz, masalan, musiqa chalishni yoki ismlarni eslab qolishni, bu ko‘nikmani to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashq qilish eng samarali natijalar beradi.



Manba: https://www.brainfacts.org/neuroscience-in-society/tech-and-the-brain/2019/do-brain-training-games-make-you-smarter-013019


Tarjimon: Marjan Maxkamova

Muharrir: Tillayev Asadbek

“Miya Ilmi” bo’limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev

2 ta izoh:

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 20:41 / 29.10.2024
Ko'k yorug'lik va uyqu?
  • 20:58 / 29.10.2024
Miya mashg'ulotlari.
  • 21:05 / 30.10.2024
Miya, Tartib va Odatlar.
  • 21:11 / 30.10.2024
Charchoq va miya faoliyati.
  • 20:40 / 17.11.2024
Qo‘rquvga javob berish.