- 20:41 / 29.10.2024
- 21:11 / 30.10.2024
- , Miya Ilmi
Charchoq va miya faoliyati.

Dushanba kuni ertalab siz hayotingizda tartibsizlik bilan uyg‘onasiz. Ish yukingiz haddan tashqari ko‘p va kun davomida uni oxiriga yetkaza olmaslik qiyinchilik tug‘diradi. Endi esa ertangi kunning vazifalari yanada chalkashlikni keltirib chiqaradi. Bu halokatli aylanish doimiy ruhiy va jismoniy charchoq holatini yanada kuchaytiradi, bu esa surunkali stress tufayli kelib chiqadigan va ‘burnout’ deb nomlanadigan holatdir. Agar bu davolanmasa, u ruhiy va jismoniy energiyangizni butunlay tugatib, to‘liq o‘chish holatiga olib kelishi mumkin.
Ko‘pchiligimiz charchoq natijasida ortiqcha uxlaganimiz uchun o‘zimizni aybdor his qilamiz. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, surunkali stress va nosog‘lom ish muhiti miyani doimiy ravishda tahlikalarni ‘eshitish’ va ularga javob qaytarishga tayyor bo‘lishga majbur qiladi. Xuddi kompyuter bir nechta dasturlarini ishlatib, uning xotirasidan foydalagandek, doimiy kuch sa’y-harakatlarini talab qiladi va bu ruhiy charchashga va ‘burnout’ holatiga olib keladi.
“Jamoatchilikdagi kelishmovchilikning sababi, burnoutni tibbiy jihatdan aniqlay olmasligimiz deb o‘ylayman. Bu kasb bilan bog‘liq hodisa”, deydi Buyuk Britaniyaning Northumbria Universiteti tashkilot psixologi Entoni Montgomeri.
Bu holatni tushunish va samarali davolash uchun olimlar burnoutning biologik bog‘liqliklarini o‘rganmoqdalar. Ular shuni topmoqdaki, burnout kognitiv (aqliy) samaradorlikni pasaytiradi, bu esa odamlardan normal ishlash uchun ko‘proq kuch talab qiladi va kundalik vazifalar haqida odatiy ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyatiga ta’sir qiladi.
Stress ostida doimiy ishlash
Burnout qisman uzoq davom etgan stress reaksiyasidan kelib chiqishi mumkin, bu esa tahlikalarni boshqarish uchun evolyutsion omon qolish mexanizmidir. Masalan, qadimgi Homo sapienslar Serengetida sherni ko‘rganda, ular tezroq yugurib, instinktiv ravishda qochishga harakat qilishgan. Ushbu “jang yoki qochish” reaksiyasi ularning tizimlariga adrenalin va kortizol kabi stress gormonlarini quyib, ularga qochish va hayotlarini saqlab qolish uchun aqliy va jismoniy resurslarni jalb qilish imkonini bergan. Ular xavfsiz joyga yetgach, ularning tanasi stress reaksiyasini tinchlantira olgan.
Boshlig‘ingiz bilan qiyin uchrashuv bo‘lganda, xuddi shunday kimyoviy reaksiya sodir bo‘ladi. Ammo uchrashuv tugagandan keyin ham yaxshi ishlash va ishingizni saqlab qolish stresslari siz bilan qolganida, bu reaksiya tinchimaydi. Ushbu gormonlarga uzoq muddat duch kelish uyqu va tanadagi boshqa homeostatik mexanizmlarni buzib, burnoutga moyillikni oshiradi.
Montgomeri 2022-yilda burnoutning miya bajaradigan ijro funksiyalariga qanday ta’sir qilishini o‘lchaydigan yettita test o‘tkazdi. U yuqori darajadagi burnoutga ega bo‘lgan shaxslar miya vazifalarini rejalashtirish, almashish va turli vazifalarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq topshiriqlarda yomonroq natija ko‘rsatganini qayd etdi.
“Ijro funksiyalari miyadagi dirijyor kabi bo‘lsa, qolgan funksiyalar musiqachilardir”, deya tushuntiradi Finlandiyaning Tampere universitetidan klinik nevrolog va miya olimi Kaisa Hartikaynen. U izohlashicha, yaxshi mashq qilingan kuy ijro etilganda, sizga dirijyor kerak bo‘lmaydi, ammo murakkabroq vazifa bilan shug‘ullanayotganda u juda kerak bo‘ladi. Ushbu funksiyalar miya kognitiv boshqaruv markazi bo‘lgan prefrontal korteksni o‘z ichiga oladi.
Ishlash va eslash qobiliyatining pasayishi
2023-yil oktabrida o‘tkazilgan tadqiqotda Hartikaynen ijro funksiyalarini tekshirish uchun kompyuterga asoslangan ko‘p qirrali reaksiya vaqti testini ishlab chiqdi. Ishtirokchilar boshlariga elektroensefalografiya (EEG) elektrodlarini o‘rnatgan holda, uchburchak yuqoriga yoki pastga qarab turganligini ko‘rsatish uchun tugmani bosishlari kerak edi. Qaysi rang javob berishni talab qilganini va qaysi biri javobni kechiktirish kerakligini ko‘rsatgan qoidalar tez-tez o‘zgarib turdi.
Ajablanarlisi shundaki, burnout guruhidagi ishtirokchilar testlarni nazorat guruhidagilar bilan bir xil darajada bajara olishdi. Ammo EEG yozuvlari burnout guruhidagilarning kognitiv jarayondan boshqasiga o‘tishda sustroq ekanliklarini va sekin ishlov berishni qoplash uchun vazifaga ko‘proq neyrologik resurslarni jalb qilganini ko‘rsatdi.
Finlyandiyaning Kasbiy Sog‘liqni Saqlash Instituti klinik neyropsixologi Laura Sokka 2016-yilda shunga o‘xshash ta’sirni kuzatdi. Sokka ishtirokchilarning kompyuterda turli xotira yuklamalariga ega bo‘lgan vizual topshiriqlarni bajarishlari paytida EEGlarni yozib oldi. Ishtirokchilar vizual xotira topshiriqlariga diqqatni jamlashlari va atrofdagi stimullarga tayyor bo‘lishni o‘lchaydigan vaqti-vaqti bilan “chalg‘ituvchi” tovushga javob berishlari kerak edi. U burnout odamlarning diqqatini atrofdagi stimullarga kamaytirganligini va diqqatni to‘liq topshiriqqa qaratganligini aniqladi.
“Biz orqa miyada ishlovchi xotiraga tegishli javoblar pasayishini va frontal sohalarda javoblar ortishini kuzatdik”, deydi Sokka. U tushuntirishicha, orqa miya faoliyati ishchi xotira – qisqa muddatli ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyatidan foydalanishni aks ettiradi. Bundan tashqari, frontal sohalardagi javoblarning oshishi ushbu vazifalarni bajarish uchun qo‘shimcha kognitiv resurslardan foydalanishni anglatadi – ammo burnout yomonlashganda frontal miya ish faoliyatini to‘liq tiklay olmadi.
Burnoutni fiziologik kasallik sifatida ko‘rish
“Burnoutdan aziyat chekkanimizda miyada nima sodir bo‘lishini aniqlashimiz juda muhim, shundagina biz bu fikr yoki hissiyotlar emas, balki ushbu simptomlar ortida fiziologik narsa borligini ko‘rsatishimiz mumkin”, deydi Sokka.
Mashhur qarashga qarshi chiqqan holda, Montgomeri burnout faqat ish samaradorligi bilan bog‘liq emas, balki ijtimoiy hodisa sifatida boshlanishini aytdi. “Odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lishimiz bizning salomatligimizga katta ta’sir ko‘rsatadi”, deydi u. “Va bizning o‘zimizni qanchalik malakali va nazorat ostida his qilishimiz atrofimizdagi odamlar bilan qanchalik yaxshi munosabatda ekanligimiz orqali boshqariladi. Bu tashkiliy boshqariladigan jarayondir”.
“Biz psixologiyani miyadan ajratolmaymiz. Ammo bemorlarga ishonchli tashxis qo‘yish va ular kesishgan jihatlarni o‘rganish uchun obyektiv o‘lchovlarga ehtiyoj bor”.
Jamiyat burnoutni boshqarish mexanizmi muammosi sifatida ko‘radi, deydi Hartikaynen. Ammo odamlar depressiya haqida ham shunday o‘ylashgan, to dori kompaniyalari buni davolash mumkin bo‘lgan miya kasalligi ekanligini aniqlamaguncha. “Agar burnout yetarlicha uzoq davom etsa, miya tuzilmasi va funksiyalarida o‘zgarishlar yuzaga keladi”, deb tushuntiradi u.
Hartikaynen aytadiki, jiddiy burnout bizning motivatsiyamizga va o‘zimizga yordam berish uchun zarur bo‘lgan o‘z-o‘ziga g‘amxo‘rlik, masalan, yoga yoki meditatsiya qilish qobiliyatimizga ham ta’sir qiladi. Kimdir burnout holatini boshdan kechirayotganida, ularning stressli kun tartibidan chiqish odatda juda qiyin bo‘ladi va ular sog‘lom faoliyatlarga kirishish uchun imkoniyat, energiya va ijro funksiyalarini yetarli darajada ishlata olmaydi.
U, shuningdek, ish joylari va siyosatchilarga quyidagi xabarni ta’kidlaydi: miyaga noreal topshiriqlar va muddatli vazifalar yuklash zararli kognitiv bosimni keltirib chiqaradi, bu esa insonlarning samaradorligi va shaxsiy munosabatlari sifatiga ta’sir qiladi. “Biz kasbiy burnoutga miya muammosi sifatida qarashni boshlashimiz kerak”, deydi u.
Manba: https://www.brainfacts.org/thinking-sensing-and-behaving/emotions-stress-and-anxiety/2024/burnout-exhausts-brain-function-and-physiology-031424
Tarjimon: Anora Alimkulova
Muharrir: Tillayev Asadbek
“Miya Ilmi” bo’limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev
Izoh qoldirish