- 20:41 / 29.10.2024
- 21:00 / 17.11.2024
- , Miya Ilmi
Qanday qilib chanqaganingizni bilasiz?

Ichingizda nimadir sizni suv ichishga undayapti. Miyangizning chuqur qismida, qoningizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniga ega bo‘lgan tuzilmalar suvsizlanishni kuzatib va boshqarib turadi. Tanangizdagi suv muvozanati buzilganda, ushbu tuzilmalar chanqoqlikni nazorat qiluvchi sxemani ishga tushirib, suvga bo‘lgan ehtiyojingizni keltirib chiqaradi. Nihoyat suvga yetib, birinchi qultumlarni ichganingizda, chanqoqlik hissidan xalos bo‘lishni boshlashingiz mumkin.
U sizga juda ham kerak bo‘lguncha uni o‘ylamaysiz. Keyin esa, miyangiz “Zudlik bilan suv ichish kerak,” deb baqiradi.
Suvsizlanish tanangizdagi tuz va suvning muvozanatini buzadi, bu esa qon bosimingizni o‘zgartirib yuboradi, fikrlash va eslash qobiliyatingizni pasaytiradi va boshqalar. Bu – miyangiz aniqlab va tuzatishi zarur bo‘lgan potensial favqulodda holatdir.
Agar qoningizda suvga nisbatan minerallar, masalan, tuz, juda ko‘p bo‘lsa yoki tomirlaringiz orqali oqayotgan qon miqdori juda kam bo‘lsa, miyangiz suv ichishga bo‘lgan ehtiyojni sezdiradi va ichishni rag‘batlantiradi.
Miya suvsizlanish va chanqoqlikni nazorat qilish uchun qoningizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniga ega bo‘lgan maxsus tuzilmalariga tayanadi. Miyangizning aksariyati qoningizdagi toksinlar, viruslar va bakteriyalardan kapillyarlardan iborat qattiq to‘r orqali himoyalangan, bu esa qon-miya to‘sig‘i deb ataladi.
Subfornikal organ va organum vaskulozum kabi hududlar esa bunday himoyaga ega emas. Ushbu organlardan keladigan neyronlar, tuz va suv muvozanati buzilganida ma‘lumotlarni uzatadi.
Qon-miya to‘sig‘i orqasida joylashgan yadrodagi hujayralar ushbu signallarni qabul qiladi va qayta ishlaydi. Bu tuzilmalar birgalikda lamina terminalis deb nomlangan miyaning oldi qismida joylashgan chanqoqlikni nazorat qiluvchi sxemasini hosil qiladi.
Ushbu sxema organizmda tuz miqdori ko‘payganini va suyuqlik kamayganini aniqlaganda, sizning suvga bo‘lgan ehtiyojingizni oshirib, to‘g‘ri suv balansini saqlashni rag‘batlantiradi.
Nihoyat suv ichganingizda, suv og‘iz va tomoqdagi quruqlikni ketkazadi va miyangizga suv yetib kelganligi haqida ma‘lumot beradi, shu bilan chanqoqlik tuyg‘ularingiz bartaraf etiladi.
Tarjimon: Mustafo Tairov
Muharrir: Tillayev Asadbek
"Miya Ilmi" bo'limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev
Manba: BrainFacts/SfN
Izoh qoldirish