- 20:41 / 29.10.2024
- 21:05 / 30.10.2024
- , Miya Ilmi
Miya, Tartib va Odatlar.

Ko‘pchiligimiz har kuni deyarli bir xil tartibga amal qilamiz: uyg‘onamiz, yotoqda bir oz yotamiz, to‘shakdan turib dushga kiramiz va kunimizni boshlaymiz. Bu bizning kundalik odatimizdir. Ammo nima sababdan biz bir xil tartibga qat’iy amal qilamiz? Odatiy tartiblar - bu ongsiz ravishda vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan bajariladigan harakatlar ketma-ketligidir. Bu odatlar yaxshi, yomon yoki neytral bo‘lishi mumkin, lekin ular ko‘pincha kunlarimizni tartibga solib, bizga tartibni saqlashga va vaqtimizni boshqarishga yordam beradi.
Odatlarning eng muhim jihati shundaki, ular doimo qayta-qayta takrorlanadi va muayyan maqsadga bog‘liq bo‘lmasdan, bizning kundalik hayotimizga singib ketadi. Misol uchun, biz har kuni ertalab to‘shakdan turganimizda, hech qanday aniq maqsadsiz bu ishni qilamiz. Bu shunchaki qilishimiz kerak bo‘lgan odat. Albatta, bu barcha odatlar maqsadsiz degani emas, masalan, badantarbiya bilan shug‘ullanishning aniq maqsadi bor.
Odat tusiga kirgan harakatlar, miya ichidagi aloqalarning faoliyatiga juda bog‘liq. Bu aloqalar neyron zanjirlari deb ataladigan murakkab yo‘llarni hosil qiladi. Bu yo‘llar miyaning turli qismlarini o‘zaro bog‘lab, xulq-atvor, harakatlar, fikrlar va his-tuyg‘ularni yaratadi. Odatlar haqida gap ketganda, miyaning chuqur qatlamlarida joylashgan, bazal gangliya deb ataladigan chuqur joylashgan neyron zanjirlari diqqatimizni tortadi. Bazal gangliyaning ichida striatum deb ataladigan bir qism joylashgan bo‘lib, u o‘rganishni mustahkamlash va avtomatik xatti-harakatlarni boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Striatum miyaning yuqori qismlari yoki korteks deb ataladigan sohalar tomonidan faollashtiriladi. Korteks fikrlash, istak va qaror qabul qilish uchun mas’ul bo‘lib, bu neyron zanjirining kortikostriatal yo‘li deb ataladi.
Keling, bu jarayonni batafsil ko'rib chiqamiz. Kortikostriatal yo'l bizga avtomatik xatti-harakatlarni o'rganish va amalga oshirish imkonini beradi. Yangi bir narsani o'rganayotganimizda, prefrontal korteks bizning qarorlarimiz va ongli harakatlarimizni boshqaradi. Bu bosqichda, dorsolateral prefrontal korteks va ventromedial prefrontal korteks bizning xatti-harakatlarimizning mumkin natijalarini baholashda ishtirok etadi, ya'ni har bir tanlovning ijobiy va salbiy tomonlarini o'lchaydi.
Biror harakatni muntazam takrorlasak, miyamizda odat shakllana boshlaydi. Bu jarayon kortikostriatal yo'limizda sodir bo'lib, natijada xatti-harakatni boshqarish prefrontal kortekstan dorsal striatumga o'tadi. Striatum prefrontal kortekstan to'g'ridan-to'g'ri ma'lumot oladi va harakatni takror-takror bajarganimizda, bu ikki hudud o'rtasidagi bog'lanish yanada mustahkamlanadi. Ushbu bog'lanishlar dofamin neyrotransmitteriga bog'liq bo'lib, u mukofotni qayta ishlash va odat shakllanishida asosiy rol o'ynaydi.
Biz yaxshi va yoqimli bo'lgan harakatlarni takrorlaganda, miyamizda dofamin ajralib chiqadi. Bu dofamin prefrontal korteks va striatum o'rtasidagi bog'lanishni kuchaytiradi. Natijada, bu xatti-harakatga bog'liq bo'lgan neyron zanjir kuchayib, vaqt o'tishi bilan xatti-harakat avtomatik va kamroq ongli bo'lib qoladi. Endi xatti-harakatni asosan striatum o'zi boshqaradi, ya'ni korteksdan doimiy ravishda ma'lumot olishga ehtiyoj qolmaydi. Bu bizga tanish harakatlarni, masalan, tishlarimizni tozalashni, kamroq miya kuchini sarflash orqali bajarishga imkon beradi va boshqa vazifalar uchun miyada resurslar bo’shaladi.
Odatlarimiz, mashq qilish, uyqu rejimini saqlash yoki o'qish kabi narsalarni muntazam bajarishga yordam beradi. Ular kunlarimiz va haftalarimizdagi ko'plab harakatlarimizni va xulq-atvorimizni boshqaradi, shuningdek, hayotimizni qanday yashashimizni shakllantiradi. Odatlarimiz bizni kim ekanligimizni aniqlaydi. Chunki, dono Aristotel aytganidek, "Biz doimo qiladigan ishlarimiz orqali shakllanamiz."
Manba: https://www.brainfacts.org/thinking-sensing-and-behaving/diet-and-lifestyle/2023/habits-101-the-neuroscience-behind-routine-121923
Tarjimon: Marjan Maxkamova
Muharrir: Tillayev Asadbek
“Miya Ilmi” bo’limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev
3 ta izoh:
Izoh qoldirish