- 20:53 / 17.11.2024
- 17:35 / 18.11.2024
- , Miya Ilmi
Ko'z salomatligi.

Ko’z salomatligi
Bizning ekran nuri bilan egallangan dunyoda, ko’z salomatligi har qachongidan ham muhim. Oftalmologiya bo’yicha yetakchi mutaxasis shifokor Jeffrey Goldberg ko’rish qobiliyatini saqlash va yaxshilash bo’yicha kerakli tavsiyalar bilan bo’lishadi. Doimiy ko‘z tekshiruvlaridan tortib UV himoyasining ahamiyatigacha, doktor Goldbergning tavsiyalari barcha yoshdagi odamlar uchun batafsil qo‘llanma bo’lib xizmat qiladi. Hozir biz uning faol ko‘z parvarishiga oid fikrlarini ko’rib chiqamiz.
Doimiy ko’z tekshiruvlari
Ko‘z salomatligini saqlashning asoslaridan biri doimiy ko‘z tekshiruvlaridir. Bu tekshiruvlar faqat ko‘zoynak yoki kontakt linza taqadiganlar uchun emas; ular har qanday yoshdagi insonlar uchun muhim. Glaukoma yoki ambliopiya kabi ko‘z muammolarini erta aniqlash, davolanish natijalarini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin. Doktor Goldbergning fikriga ko‘ra, ko‘z kasalliklari ko‘pincha katta xavf keltirmaguncha belgilarsiz rivojlanadi. Vaqti-vaqti bilan ko’z tekshiruvlariga borish orqali, odamlar yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolarni erta aniqlashlari va optimal ko‘z salomatligini ta’minlashlari mumkin.
Korrektiv linzalar
Korrektiv linzalar, ko’zoynaklar va ko’z linzalari, ko’rish qobiliyatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Ammo, doktor Goldberg korrektiv linzalarga o’rganib qolish xavfidan ogohlantiradi. Ulardan haddan ziyod ko’p foydalanish, ko’z muskullarini zaiflashtiradi; bu esa vaqt o’tishi bilan kuchliroq retseptlarga ehtiyojni oshiradi. Bunday holatni bartaraf etish uchun, imkon qadar ko‘zlarning mashq qilishiga va o’z kuchini saqlashiga yordam berish kerak.
Quyosh Nuri
Quyosh nuri ko‘z salomatligida muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa bolalarda. Quyosh nuri bugungi kundagi yopiq hayot tarzimizda keng tarqalayotgan miyopiyaning (yaqinni ko‘rish) oldini olishga yordam beradi. Quyosh nuri ko‘zlarning sog’lom rivojlanishiga, ko‘z o‘sishi va funksiyasiga ta’sir qiladi. Biroq, doktor Goldberg me’yorni ta’kidlaydi; haddan ziyod ko’p quyosh nuri kataraktaga olib kelishi mumkin, bu esa ko‘rishni sezilarli darajada pasaytiradi. UV nurlarini to‘suvchi ko‘zoynaklar taqish shu kabi uzoq muddatli ta’sirlardan himoya qiladi, shuningdek, sog‘lom quyosh nuridan bahramand bo’lishga imkon beradi.
Kontakt linza gigiyenasi
Kontakt linza taqadiganlar uchun gigiyena juda muhimdir. Linzalarni yomon parvarishi ko'rish qobiliyatiga tahdid soladigan jiddiy infeksiyalarga olib kelishi mumkin. Doktor Goldberg imkon qadar har kunlik linzalardan foydalanishni tavsiya qiladi, chunki ular odatda qayta ishlatsa bo’ladigan linzalarga nisbatan xavfsiz. Linzalarni ushlashdan oldin qo'llarni yuvish va ularni toza saqlash singari to'g'ri gigiyena kelgusi muammolar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Lazer jarrohlik
Lazer jarrohlik ko'z nurini davolashdagi asosiy yutuq bo’lib, u ko'zoynaksiz yuqori sifatli ko'rish imkoniyatini beradi. Ushbu protsedura amitropiyani davolash uchun shox pardani shaklini qayta o’zgartiradi, shunday qilib, insonlarni korrektiv linzalardan butunlay ozod qiladi. Biroq, doktor Goldberg lazer jarrohligi har kimga ham mos kelmasligini ta'kidlaydi. Bemorlar bu operatsiyadan oldin ko’z salomatligi, turmush tarzi va shunga o’xshash ko’p faktorlarni hisobga oladigan chuqur tekshiruvlardan o’tishlari kerak.
Ko'z mashqlari
Ekran oldida ko'p vaqt o'tkazayotganimiz sababli, ko'z toliqishi keng tarqalgan muammoga aylandi. Doktor Goldberg ko'z mashqlarini bajarish charchoqni kamaytirishga va ko'rish sifatini yaxshilashga yordam berishini ta’kidlaydi. Masalan, uzoqdagi obyektlarga qarash va doimiy tanaffuslar qilish singari oddiy mashqlar ko’zdagi noqulaylikni kamaytiradi va ko'z salomatligini yaxshilaydi. Bunday mashqlarni kundalik tartibga qo'shish zamonaviy va raqamli dunyoda juda foydali.
UV himoyasi
Nihoyat doktor Goldberg ko'zoynaklardagi UV himoyasining zarurligini ta'kidlaydi. Zararli UV nurlarini bloklaydigan ko'zoynaklar, uzoq muddatli ko'z zararlanishlarini, jumladan, katarakta va retina bilan bog’liq muammolarini oldini olishda muhim o’rin tutadi. Ko'p odamlar faqat teri himoyasiga ahamiyat qaratib, ko’zlarini quyosh nuridan saqlashning qanchalar muhim ekanligini unutishadi. Biroq, ko'rishimizni himoya qilish ham teri himoyasidek muhim, shu boisdan sifatli UV bloklaydigan ko'zoynaklarga sarmoya kiritish har bir inson uchun zaruriy qadamdir.
Xulosa
Xulosa o’rnida, doktor Jeffrey Goldbergning ko'z salomatligi haqidagi fikrlari har qachongidan ham ko’proq bosim ostida qolgan ko’zimiz salomatligini tiklashda kerakli qo’llanma bo’lib xizmat qiladi. Muntazam ko'z tekshiruvlari, korrektiv linzalarni ehtiyotkorlik bilan ishlatish, yetarlicha quyosh nuri, kontakt linzalar gigiyenasi, Lazer operatsiyasi borasidagi to’g’ri qarorlar va ko'z mashqlari, bularning barchasi ko'z parvarishining muhim qismlari hisoblanadi. Ushbu ko'rsatmalarga amal qilib, ko'zlarimiz o'tkirligini saqlab qolishimiz mumkin.
Tarjimon: Madinaxon Odilova
Muharrir: Tillayev Asadbek
"Miya Ilmi" bo'limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev
Manba: https://youtu.be/_ltcLEM-5HU?si=5WmCmHfYqi_EOv77
Izoh qoldirish