Sarmoyadan keladigan foyda va uni qanday qilib hisoblash.

ROI - Return on Investment = Sarmoyadan keladigan foyda


ROI - bu iqtisodiyot va moliya sohalarida keng qo’llaniladigan moliyaviy ko’rsatkich bo’lib, biror sarmoyaning foydaliligini yoki samaradorligini o’lchash uchun ishlatiladi. 


ROI, odatda, sarmoya natijasida olingan foydaning sarmoya qiymatiga nisbati sifatida hisoblanadi va foiz yoki ko’rsatkich sifatida ifodalanadi. 


ROI formulasi:

           Foyda (daromad) - sarmoya xarajatlari

ROI = ________________________________     x 100%

                        sarmoya xarajatlari 


Investitsiyaning joriy qiymati deganda, investitsiya obyekti sotilganda olinadigan daromad tushuniladi. Ushbu hisob-kitob investitsiyaning butun davomiyligi mobaynida olingan naqd pul oqimlari va qilingan texnik xizmat ko’rsatish xarajatlarini o’z ichiga oladi.


ROI foiz ko’rinishida o’lchanadi, shuning uchun  uni boshqa  investitsiyalardan olinadigan daromadlar bilan osonlikcha taqqoslash mumkin. Bu turli xil investitsiya turlarini bir - biri bilan solishtirish imkonini beradi. 



Nega ROI o’chovi foydali ?


ROI o’zining soddaligi va ko’p qirraligi tufayli mashhur o’lchov uslubi hisoblanadi. Ushbu hisoblash uslubi unchalik murakkab emas. Agar investitsiyaning ROI ko’rsatkichi ijobiy bo’lsa, bu ehtimol foydali ekanini ko’rsatadi. Agar yuqori ROI ko’rsatkichlariga ega boshqa imkoniyatlar mavjud bo’lsa, bunday signallar investorlarga eng yaxshi variantlarni tanlash yoki kam foyda keltiradigan imkoniyatlarni chetlab o’tishda yordam beradi. Shuningdek, salbiy ROI ko’rsatkichlaridan qochish kerak, chunki ular sof zarar ekanini bildiradi. 


Masalan, Jo 2017-yilda Slice Pizza Corp. kompaniyasiga $1,000 investitsiya qildi va bir yil o‘tib, aksiyalarni umumiy $1,200 ga sotdi. Ushbu investitsiyaning ROI (Investitsiyadan qaytish) ko‘rsatkichini hisoblash uchun sof foydani aniqlang:

( $ 1,200 - $ 1,000 = $ 200) 

$ 200 / $ 1000 = 0.20 yoki 20 %

Bu shuni anglatadiki, Jo o‘z investitsiyasidan 20% daromad oldi.

Ushbu ma'lumotlardan foydalanib, Jo Slice Pizza'ga kiritgan investitsiyani boshqa loyihalar bilan taqqoslashi mumkin. Masalan, Jo 2014-yilda Big-Sale Stores Inc. kompaniyasiga $2,000 sarmoya kiritgan va 2017-yilda aksiyalarni umumiy $2,800 ga sotgan. Ushbu investitsiyaning ROI ko‘rsatkichi quyidagicha hisoblanadi:

$ 2,800 - $ 2,000 = $800

$ 800 / $ 2800 = 0.40 yoki 40 %

Biroq, bu investitsiyalarni taqqoslashda muhim jihat — har biri qancha vaqt davomida ushlab turilganini hisobga olishdir. Slice Pizza'ga investitsiya bir yil ushlab turilgan bo‘lsa, Big-Sale Stores investitsiyasi uch yil davomida amalga oshirilgan. Bu ROI'ni yillik asosda balansda saqlash  zaruratini ko‘rsatadi, chunki uzoq muddatli investitsiyalar daromadni vaqt bo‘yicha taqsimlaydi.


ROI (Return on Investment)ning cheklovlari nimada? 

Jo’ning (yuqorida) misoli ROI’dan foydalanishda, ayniqsa investitsiyalarni solishtirishda ba’zi cheklovlarni ko‘rsatadi. Jo’ning ikkinchi investitsiyasining ROI birinchi investitsiyasidan ikki baravar yuqori bo‘lsa-da, birinchi investitsiya uchun Jo xarid va sotish o‘rtasidagi vaqt bir yil, ikkinchi investitsiya uchun esa uch yil bo‘lgan.



Jo ko‘p yillik investitsiyaning ROI ko‘rsatkichini moslashtirishi mumkin. Umumiy ROI 40% bo‘lganligi sababli, yillik o‘rtacha ROI’ni olish uchun Jo 40%ni 3ga bo‘lib, 13,33% yillik ko‘rsatkichga ega bo‘ladi. Ushbu tuzatish bilan qaralganda, Jo’ning ikkinchi investitsiyasi ko‘proq foyda keltirgan bo‘lsa-da, birinchi investitsiya aslida samaraliroq tanlov bo‘lgan.

ROI investitsiyaning vaqt oralig‘ini hisobga oladigan daromadlilik normasi (RoR) bilan birga qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, inflyatsiya tufayli pul qiymatidagi farqlarni hisobga oluvchi sof joriy qiymat (NPV)dan foydalanish mumkin. RoRni hisoblashda NPV qo‘llanilganda, buni ko‘pincha haqiqiy daromadlilik normasi deb atashadi.


Yaxshi ROI nima?

Investorlar o‘z daromadlarini maksimal darajaga chiqarish va xatarlarni boshqarishni xohlagan holda, "yaxshi" ROI nima ekanligini aniqlashlari juda muhimdir. Universal mezon bo‘lmasa-da, bir nechta omillar qoniqarli ROIni belgilashga ta’sir qiladi:

  • Xatar bardoshliligi: Investorlarning xatarga bardoshlilik darajasi turlicha. Xatarga nisbatan ehtiyotkor investorlar barqarorlik va oldindan bashorat qilish mumkinligi evaziga past ROIga rozi bo‘lishlari mumkin. Boshqa tomondan, xatarni qabul qiluvchi investorlar yuqori ROIni qidiradilar, ammo ko‘proq noaniqlik va o‘zgaruvchanlikni qabul qilishga tayyor.

  • Investitsiya davomiyligi: Investitsiya vaqt oralig‘i yaxshi ROIni belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Uzoq muddatli investitsiyalar odatda uzoq vaqt davomida kapitalni bog‘lab qo‘yishni oqlash uchun yuqori ROIni talab qiladi. Qisqa muddatli investitsiyalar esa pastroq ROI taklif qilishi mumkin, ammo likvidlik va moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

  • Sohadagi me’yorlar: Turli sohalarda ROIga bo‘lgan kutuvlar bozor sharoitlari, raqobat muhiti va tartibga soluvchi muhit kabi omillarga qarab farq qiladi. Masalan, kirish to‘siqlari yuqori yoki katta kapital talab qiluvchi sohalar investorlarni jalb qilish uchun yuqori ROIni talab qilishi mumkin.

  • Shaxsiy maqsadlar: Oxir-oqibat, "yaxshi" ROI nima ekanligi investorning aniq moliyaviy maqsadlariga bog‘liq. Boylikni ko‘paytirish, daromad olish yoki kapitalni saqlash kabi maqsadlardan kelib chiqib, investorlar ROI kutuvlarini o‘z maqsad va sharoitlariga moslashtirishlari kerak.


ROIning keng qo‘llanilish sohalari

So‘nggi paytlarda ba’zi investorlar va kompaniyalar ROIning yangi shakllarini, masalan, ijtimoiy investitsiya daromadlari (SROI)ni rivojlantirishga qiziqish bildirishdi. SROI dastlab 1990-yillarning oxirida ishlab chiqilgan bo‘lib, loyihalarning kengroq ta’sirlarini, ya’ni an’anaviy moliyaviy hisoblarda aks ettirilmagan ijtimoiy va ekologik ko‘rsatkichlarni hisobga oladi.

SROI atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv mezonlarining (ESG) qiymatini tushunishga yordam beradi, bu esa ijtimoiy mas’uliyatli investitsiya (SRI) amaliyotida qo‘llaniladi. Masalan, kompaniya o‘z zavodlarida suvni qayta ishlash yoki barcha yoritgichlarini LED lampalar bilan almashtirishga qaror qilishi mumkin. Ushbu ishlar dastlabki xarajatlarni oshirishi va an’anaviy ROIga salbiy ta’sir qilishi mumkin, ammo jamiyat va atrof-muhit uchun sof foyda ijobiy SROIni keltirib chiqarishi mumkin.

ROIning boshqa ko‘plab maxsus turlari ham muayyan maqsadlar uchun ishlab chiqilgan. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar statistikasi ROI ijtimoiy tarmoq kompaniyalarining samaradorligini  aniqlaydi. Xuddi shunday, marketing statistikasi ROI reklama yoki marketing kompaniyalaridan keladigan foydani aniqlashga harakat qiladi.

Ta’lim ROI deb nomlangan tushuncha esa ta’lim yoki malaka oshirish bo‘yicha olingan va saqlangan ma’lumotlar miqdorini baholash bilan bog‘liq. Dunyoda iqtisodiyot rivojlanib borgani sari, ROIning boshqa maxsus turlari ham paydo bo‘lishi aniq.

Oddiy so‘zlar bilan ROI nima?

Asosan, investitsiya daromadliligi (ROI) siz investitsiya yoki loyiha xarajatlarini hisobga olgan holda qancha pul ishlab topganingizni (yoki yo‘qotganingizni) ko‘rsatadi.

ROI yillik hisoblanadimi?

ROI har qanday vaqt oralig‘ida hisoblanishi mumkin, ammo odatda yillik asosda hisoblanadi. Bu turli investitsiyalarni osonroq taqqoslashga va samaradorlikni standartlashtirilgan o‘lchov bilan baholashga imkon beradi. Ammo ba’zi hollarda ROI qisqaroq yoki uzoqroq davrlar uchun ham hisoblanishi mumkin, bu tahlil ehtiyojlariga bog‘liq.

ROIni qanday hisoblash mumkin?

Investitsiya daromadliligi (ROI) investitsiyadan olingan foydani ushbu investitsiya xarajatiga bo‘lish orqali hisoblanadi. Masalan, foyda $100 va investitsiya xarajati $100 bo‘lsa, ROI 1 yoki foizlarda ifodalanganda 100% bo‘ladi. ROI investitsiya muvaffaqiyatini baholashning tez va oson usuli bo‘lsa-da, uning ayrim jiddiy cheklovlari bor. Masalan, ROI pulning vaqt qiymatini aks ettirmaydi va ba’zi investitsiyalarning foyda keltirish uchun turli vaqt talab qilishi tufayli ROIlarni mazmunli tarzda taqqoslash qiyin bo‘lishi mumkin. Shu sababli, professional investorlar odatda sof joriy qiymat (NPV) yoki ichki daromadlilik normasi (IRR) kabi boshqa ko‘rsatkichlardan foydalanadilar.

Qaysi sohalar eng yuqori ROIga ega?

Tarixan, S&P 500 uchun o‘rtacha yillik ROI taxminan 10%ni tashkil qilgan. Ammo, sohalarga qarab, bu ko‘rsatkichda katta farqlar bo‘lishi mumkin. Masalan, 2020-yilda ko‘plab texnologik kompaniyalar ushbu 10% chegaradan ancha yuqori yillik daromadlar keltirgan. Shu bilan birga, energetika va kommunal xizmatlar kabi boshqa sohalardagi kompaniyalar yildan-yilga ancha past ROI keltirgan, ba’zi hollarda esa zarar ko‘rgan. Vaqt o‘tishi bilan sanoatning o‘rtacha ROI ko‘rsatkichlari raqobatning oshishi, texnologik o‘zgarishlar va iste’molchilar xohishlarining o‘zgarishi kabi omillar tufayli o‘zgarib borishi odatiy holdir.

Xulosa

Investitsiya daromadliligi – bu investorlar tomonidan investitsiyaning foydaliligini baholash yoki bir qancha investitsiyalar bo‘yicha daromadlarni taqqoslash uchun ishlatiladigan ko‘rsatkichdir. U foizlarda ifodalanadi. ROIning cheklovi shundaki, u vaqt oralig‘ini, imkoniyat xarajatlarini yoki inflyatsiyaning investitsiya daromadlariga ta’sirini hisobga olmaydi, bularning barchasi e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan muhim omillardir.

Tarjimon : Dilnavoz Po’latboyeva Biznes Bo'limi Lideri: Husan Isomiddinov Manba : https://www.investopedia.com/terms/r/returnoninvestment.asp

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 12:04 / 23.01.2024
Har Kimning O'z Loyihasi