Pul oqimi: bu nima, qanday ishlaydi va uni qanday tahlil qilish mumkin?

Pul oqimi nima?


Pul oqimi - bu ma’lum bir davrda kompaniyaga kiradigan va chiqadigan pul harakati. Agar kompaniyaning pul kirimlari chiqimlardan oshib ketsa, uning sof pul oqimi ijobiy hisoblanadi. Agar chiqimlar kirimlardan oshib ketsa, u salbiy bo’ladi. Ommaviy kompaniyalar moliyaviy hisobotlarida pul oqimlari haqida ma’lumot berishlari shart. Bu ma’lumot investorlar uchun kompaniyaning moliyaviy holatini baholashda, boshqa ma’lumotlar bilan birgalikda, juda muhim hisoblanadi.


Asosiy jihatlar:


•Pul oqimi kompaniyaga kiradigan va chiqadigan pul harakatini bildiradi.

•Sof pul oqimi umumiy pul chiqimidan umumiy pul kirimini ayirish orqali hisoblanadi.

•Kompaniyaning pul oqimlari hisobotida ma’lum bir davrdagi pul manbalari va foydalanishlari ko’rsatiladi.

•Pul oqimlari operatsiyalar, investitsiyalar va moliyalashtirish bo’yicha turlarga ajratiladi.


Pul oqimining formulasi va hisoblanishi


Kompaniyaning sof pul oqimini quyidagi formula orqali oson hisoblash mumkin:


NCF = TCI - TCO


Bu yerda:

TCI (Total Cash Inflow) = Umumiy pul kirimi 

TCO (Total Cash Outflow) = Umumiy pul chiqimi


Pul oqimini tushunish


Pul oqimi kompaniyaga kiradigan va chiqadigan pulni bildiradi. Kompaniyalar savdo orqali daromad (kirim) oladi va xarajatlar uchun pul sarflaydi (chiqim). Shuningdek, ular foizlar, investitsiyalar, mualliflik qalam haqi va litsenziya shartnomalaridan daromad olishlari, mahsulotlarni kreditga sotishlari ham mumkin. Pul oqimlarini baholash kompaniyaning qisqa muddatli majburiyatlarni qoplash qobiliyati, moslashuvchanligi va moliyaviy holatini tahlil qilishda muhim ahamiyatga ega.


Ijobiy pul oqimi kompaniyaning likvid aktivlari ko’payayotganini bildiradi, bu esa kompaniyaga qarzlarni to’lash, biznesga qayta investitsiya qilish, aksiyadorlarga foyda taqsimlash, xarajatlarni qoplash va kelajakdagi moliyaviy muammolarga qarshi zaxira yaratish imkonini beradi. Kuchli moliyaviy moslashuvchanlikka ega kompaniyalar, ayniqsa iqtisodiy qiyinchiliklar davrida, moliyaviy inqiroz xarajatlaridan qochib, yaxshiroq natijaga erishadilar.


Pul oqimlari pul oqimi hisobotida ko’rsatiladi, bu esa kompaniyaning ma’lum bir davrdagi pul manbalari va ulardan foydalanishlarini ko’rsatadigan standart moliyaviy hujjatdir. Korporativ boshqaruv, tahlilchilar va investorlar bu hisobotni kompaniyaning qarzlarini qoplash va operatsion xarajatlarni boshqarish qobiliyatini baholash uchun ishlatadilar. Pul oqimi hisobotlari balans hisobi va daromadlar hisobi bilan bir qatorda ommaviy kompaniyalar tomonidan chiqariladigan moliyaviy hisobotlarning bir qismidir.


Pul oqimi hisobotlari


Pul oqimi hisobotlari kompaniyaning balans hisobi va daromadlar hisobi o’rtasidagi bog’liqlikni tasdiqlovchi hujjat sifatida ishlaydi. Hisobotning asosiy qismi - bu pul mablag’lari va ularning ekvivalentlaridagi (CCE) sof o’sish yoki kamayish ko’rsatkichi.


Bu ko’rsatkich o‘tgan davr mobaynida kompaniya pul mablag‘laridagi umumiy o‘zgarishni aks ettiradi.


Pul oqimlari turlari


Operatsion faoliyatdan tushgan pul oqimi (CFO)


Operatsion faoliyatdan tushgan pul oqimi kompaniyaning odatiy faoliyatidan mahsulot ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq pul harakatlarini tavsiflaydi. Bu operatsion pul oqimi yoki OCF deb ham ataladi. Bu kompaniyaning hisob-kitoblarni va operatsion xarajatlarni qoplash uchun yetarlicha mablag‘ga ega yoki yo‘qligini bildiradi.


Bu savdolardan tushgan pulni olib, davr davomida to‘langan operatsion xarajatlarni ayirish orqali hisoblanadi.


Investitsiyalardan tushgan pul oqimi (CFI)


Investitsiyalardan tushgan pul oqimi ma’lum bir davrda turli investitsiya faoliyatlari orqali qanchalik pul olingan yoki sarflanganini ko’rsatadi. Investitsiya faoliyatlari tarkibiga spekulyativ aktivlar sotib olish, qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish yoki ularni sotish, shuningdek aktivlarni sotish kiradi.


Investitsiyalardan salbiy pul oqimi ba’zan kompaniyaning o‘ziga katta hajmdagi investitsiya qilishidan kelib chiqishi mumkin, masalan, tadqiqot va ishlanmalar (R&D). Bu har doim ham ogohlantiruvchi belgi emas.


Moliyalashtirishdan tushgan pul oqimi (CFF)


Moliyalashtirishdan tushgan pul oqimi kompaniyani moliyalashtirish va uning kapitalini boshqarishga ishlatilgan sof pul oqimini ko‘rsatadi. CFF moliyaviy pul oqimi deb ham yuritiladi. Moliyalashtirish faoliyatiga qarz yoki aksiyalar chiqarish va dividend to‘lash bilan bog‘liq operatsiyalar kiradi.


Moliyalashtirishdan tushgan pul oqimi investorlar uchun kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va kapital tuzilmasini qay darajada samarali boshqarilishini ko‘rsatadi.


Pul oqimlarini tahlil qilish


Pul oqimi hisobotini boshqa moliyaviy hisobotlar bilan birgalikda ishlatish tahlilchilar va investorlar uchun xulosa chiqarish va tavsiyalar berishda yordam beradi. Ko‘p qo‘llaniladigan o‘lchovlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:


Erkin pul oqimi (FCF)


Bu moliyaviy natijadorlik ko‘rsatkichi bo‘lib, kompaniyaning operatsion xarajatlar va kapital xarajatlarni to‘lagandan keyin o‘z biznesini kengaytirish yoki aksiyadorlarga foyda taqsimlash uchun qanchalik pulga ega ekanligini ko‘rsatadi.


Qarzsiz erkin pul oqimi (UFCF)


Bu kompaniya tomonidan foiz to‘lovlari hisobga olinmasdan hosil qilingan yalpi erkin pul oqimini o‘lchaydi.


Pul oqimining sof foyda bilan nisbati


Bu kompaniyaning sof pul oqimi va sof foydasi o‘rtasidagi nisbat bo‘lib, 1:1 darajasi ideal hisoblanadi.


Amaldagi majburiyatlarni qoplash nisbati


Bu ko‘rsatkich kompaniyaning amaldagi majburiyatlarini operatsion pul oqimi bilan qoplash qobiliyatini baholaydi.


Pul oqimining narxga nisbati


Bu yerda har bir aksiya uchun operatsion pul oqimi aksiya narxiga bo‘linadi.


Pul oqimi va daromadning farqi nimada?


Pul oqimi kompaniyaga kiradigan va chiqadigan pul miqdorini bildiradi, daromad esa kompaniyaning mahsulot va xizmatlarini sotishdan olgan tushumini anglatadi.


Pul oqimi va foyda farqi nimada?


Pul oqimi kompaniyaga kiradigan va chiqadigan pul miqdorini bildiradi. Foyda esa kompaniyaning tushumidan xarajatlarini ayirgandan keyin qoladigan mablag‘ni anglatadi.


Erkin pul oqimi nima va nima uchun u muhim?


Erkin pul oqimi kompaniyaning operatsion xarajatlar va kapital xarajatlarni to‘lagandan keyin qoladigan mablag‘ni bildiradi. U kompaniya tomonidan erkin ishlatilishi mumkin. Erkin pul oqimi kompaniyaning foydalilik va moliyaviy holatini ko‘rsatadigan muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.


Pul oqimlari hisobotini taqdim etish kerakmi?


Ha, ommaviy kompaniyalar uchun bu majburiy hisoblanadi. 1987-yildan boshlab Moliyaviy hisoblash standartlari kengashi (FASB) tomonidan pul oqimlari hisobotlarini taqdim etish talabi joriy etilgan.


Xulosa


Pul oqimi kompaniyaga kiradigan va chiqadigan pul mablag‘larini bildiradi. Ijobiy pul oqimiga ega kompaniyalar daromad chiqimlardan oshib ketgan holatda bo‘ladi. Shu bilan birga, pul oqimi ma’lumotlari ba’zan kompaniyaning moliyaviy holatini to‘liq aks ettirmasligi mumkin, shuning uchun u boshqa ma’lumotlar bilan birgalikda ishlatiladi.


Tarjimon: Ergashova Shahnoza Biznes Bo'limi Lideri: Husan Isomiddinov Manba: https://www.investopedia.com/terms/c/cashflow.asp

3 ta izoh:

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 12:04 / 23.01.2024
Har Kimning O'z Loyihasi
  • 15:47 / 25.10.2024
Pivoting Nima?