- 12:04 / 23.01.2024
- 23:18 / 21.10.2024
- , Biznes
Startapdan Avval Nimalar Qilish Zarur?

Paul Graham Oktabr 2014 (Bu essay Sam Altamnning Stenfordda mehmon bo’lgan paytidagi leksiyalaridan biridan olingan. Ushbu leksiya oliy ta’lim o’quvchilariga mo'ljallangan bo’lsada, u barcha yoshdagi asoschi bo’lish niyatidagilar uchun ham foydali). Startaplar Bolali bo’lishning foydali tomonlaridan biri bu qachonki ularga maslahat bermoqchi bo’lsangiz siz o’zingizga “ularga qanday maslahat bersam ekan?” deb savol berasiz. Mening bolalarim hali yosh, lekin men allaqachon ularga startaplarni qanday tushuntirishni tasavvur qila olaman va hozir shuni sizlarga ham aytib beraman. Startaplar juda ham mantiqqa zid. Sababini aniq bilmayman. Balkim ular haqida tushuncha madaniyatimizga to’liq kirib kelmaganligi uchundir. Lekin qanday sabab bo’lmasin, startap bu siz har doim ham ichki sezgilaringizga asoslanib qaror qabul qiladigan ish emas. Bu huddi chang’i uchishga o’xshaydi. Siz chang’ida birinchi marta uchayotganingizda sekinlashmoqchi bo’lsangiz, ichki sezgingizga asoslanib orqaga tanangizni og’dirasiz. Agar chang'ida orqaga suyansangiz, tepalikdan boshqaruvni yo'qotgan holda pastga uchib ketasiz. Shunday qilib, chang’ida uchishni o’rganish o’sha turtkiga qarshi chiqish demakdir. Birinchi marta tepalikdan tushayotganingizda juda ko’p narsalarni eslab qolishga to’g’ri keladi. Chang’ida uchish kabi, startaplar ham notabiiy. Ularning har xil turlari mavjud. Hozir men sizga ulardan bir qismini, ya’ni siz startap boshlashdan oldin yodda tutishingiz kerak bo’ladigan narsalar ro’yxatini taqdim qilaman. Noodatiylik Birinchi haqiqatni men siz bilan allaqachon ulashdim: startaplar shunchalik noodatiyki, agar siz faqatgina ichki sezgilaringizga tayanib ish qilsangiz, ko’plab xatolarga yo’l qo’yishingiz mumkin. Siz faqatgina shu haqiqatni bilsangiz, kamida bunday xatoga yo’l qo’yishdan o’zingizni asrashingiz mumkin. Men YCda ishlagan paytlarim bizning faoliyat asoschilarga ular e’tibordan qochiradigan narsalar haqida aytishdan iborat bo’lishi kerak edi deb hazil qilardim. Bu rostdan ham haqiqat. Har bir guruhda YC hamkorlari asoschilarga ular qilishlari mumkin bo'lgan xatolari haqida ogohlantiradilar, ammo asoschilar ularga e'tibor bermaydilar va bir yil o'tib qaytib kelib, "Eshitganimizda yaxshi bo’lar ekan " deyishadi. Nega asoschilar hamkorlar maslahatlarini e’tiborsiz qoldiradilar? Ho’p, bu mantiqqa zid fikrlar bilan bog’liq: ular sizning ichki sezgilaringizga qarshi chiqadi. Ular xatoga o’xshaydi. Shuning uchun, tabiiyki, birinchi reaksiyangiz ularni e'tiborsiz qoldirish bo'ladi. Aslida, mening hazil tariqasidagi ta'rifim faqat YCning muammosi emas, balki uning mavjudligining asosiy sabablaridan biridir. Agar asoschilarning sezgilari ularga to‘g‘ri javoblarni berganida, ular bizga muhtoj bo‘lmagan bo‘lardi. Sizga kerak bo‘ladigan maslahatlar odatda sizni hayratga soladigan maslahatlar bo‘ladi. Shu sababli ko‘plab chang‘i murabbiylari bor, lekin yugurish murabbiylari ko‘p emas. Ammo, siz insonlar haqidagi ichki sezgilaringizga ishonsangiz bo’ladi. Aslida, yosh asoschilar qiladigan eng ommalashgan xatolardan biri ham shu sezgilarga yetarlicha ishonmasliklaridir. Ular taassurot qoldiradigan odamlar bilan hamkorlik qiladilar, lekin shaxsan o‘zlari u kishilar haqida shubhalarga ega bo‘ladilar. Keyinchalik, vaziyat yomonlashganda ular shunday deyishadi: “O’zim ham bu odamda nimadir shubhali deb o’ylagandim, ammo u juda taasurotli ko’ringani uchun bunga e’tibor bermadim.” 4. Hamkorlar haqida to'g'ri qaror qabul qilish Agar siz biror kishi bilan hamkorlik qilishni o'ylayotgan bo'lsangiz— hammuassis, xodim, investor yoki sotib oluvchi sifatidami— va ular haqida shubhalaringiz bo'lsa, ichki sezgilaringizga ishoning. Agar kimdir sizga ishonchsiz, soxta yoki qo'pol bo'lib ko'rinsa, buni e'tiborsiz qoldirmang. Bu o’z-o'zini tinglash foyda beradigan holatlardan biridir. O'zingiz haqiqatan ham yoqtiradigan va yetarlicha uzoq vaqt davomida bilgan odamlarga ishoning. Tajriba 1. Startaplar haqida bilish unchalik muhim emas Ikkinchi qarama-qarshi nuqta shundaki, startaplar haqida ko‘p narsa bilish unchalik ham muhim emas. Startapda muvaffaqiyatga erishish siri startaplar bo‘yicha mutaxassis bo‘lish emas, balki o‘z foydalanuvchilaringiz va ularning muammolarini chuqur tushunishdir. Mark Sukerberg startaplar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani uchun muvaffaqiyat qozonmagan. U startaplar haqida deyarli hech narsa bilmasa ham, o‘z foydalanuvchilarini yaxshi tushungani uchun muvaffaqiyatga erishgan. 2. Startap mexanizmlarini o‘rganish xavfli bo‘lishi mumkin Agar, masalan, qanday qilib angel sarmoya raundini (sarmoyador topishni o’z ichiga olgan startapga sarmoya kitirishning birinchi bosqichi) o‘tkazishni bilmasangiz, bu uchun o‘zingizni yomon his qilmang. Bu kabi narsalarni kerak bo‘lganda o‘rganishingiz va keyinchalik unutishingiz ham mumkin. Aslida, men startap mexanizmlari haqida chuqur o‘rganish nafaqat kerak emas, balki qisman xavfli ham deb o‘ylayman. Agar men biror bakalavr talabasi bilan uchrashsam va u konvertatsiya qilinadigan obligatsiyalar, xodimlar shartnomalari va (Xudo asrasin) FF sinfidagi aksiyalar haqida hammasini bilsa, men "bu o‘z tengdoshlaridan ilg’or kishi ekan" deb o‘ylamayman. Aksincha, bu men uchun xavotirli signal bo‘ladi. Chunki yosh asoschilarning xatolaridan biri startap boshlash jarayonini oddiygina takrorlashdir. Ular ma’qul tuyuladigan g‘oya o‘ylab topishadi, yaxshi qiymat bo‘yicha mablag‘ yig‘ishadi, zo‘r ofis ijaraga olishadi va ko‘p odamlarni ishga olishadi. Tashqi tomondan qaraganda bu startaplar haqiqattan ham qiladigan ishday ko’rinadi. Lekin keyingi qadam: biroz vaqtdan so’ng ular qanday qilib to‘liq xatoga yo‘l qo‘yganlarini tushunishadi, chunki startapning tashqi ko‘rinishlarini takrorlagan holda ular haqiqatan muhim bo‘lgan bir narsani e’tiborsiz qoldirishadi. Bu ham bo’lsa odamlar xohlaydigan narsani yaratishdir. O’yin 1. "Uy o'ynash": Startaplar va tizimni aldash Bu holatni shu qadar tez-tez ko'rardikki, unga o'zimiz nom ham o'ylab topdik: "uy o'ynash.” Oxir-oqibat nima uchun bunday bo‘layotganini tushundim. Yosh tadbirkorlar startap boshlash jarayonlarini davom ettirishlarining sababi, shu kungacha ular hayotlari davomida shunga o'rgatilganlaridir. Masalan, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun nimalar qilish kerakligini o‘ylab ko‘ring. O‘qishdan tashqari mashg‘ulotlar - bajarilishi shart! Hatto universitetdagi ko‘plab darslar ham yugurish mashqlaridek sun'iydir. 2. Sun'iy tizimlar va ularning xatarli oqibatlari Men o’quv tizimiga shunday bo’lgani uchun qarshi chiqmayapman. Sizga biror narsa o'rgatilayotganda qilayotgan ishingizda har doim ma'lum darajada sun'iylik bo'ladi, va agar ularning natijalarini o'lchasangiz, odamlar bu sun'iylikdan foyda olishlari muqarrar. Natijada o'lchayotgan narsangizning katta qismi ushbu sun'iylikning asoratlariga aylanadi. Men buni o’zim ham kollejda qilganimni tan olaman. Men ko'plab darslarda yaxshi imtihon savollari bo'lishi mumkin bo'lgan atigi 20 yoki 30 ta g'oya borligini payqadim. Bu darslarda imtihonlarga tayyorlanish usulim (tasodifan emas) o'rgatilgan materialni to'liq o'zlashtirish emas, balki potensial imtihon savollarining ro'yxatini tuzib, oldindan javoblarni ishlab chiqish edi. Yakuniy imtihonga kirganimda, asosiy his qiladigan narsam, savollarimning qaysi biri imtihonda chiqishini bilishdan qiziqish edi. Bu go'yo o'yin edi. 3. Startapdagi muvaffaqiyat va tizimni aldash Hayotlari davomida shunday o'yinlarga o'rgatilgan yosh tadbirkorlarning birinchi startap boshlashdagi tabiiy harakati bu yangi o'yinda g'alaba qozonish uchun yo’llarni topishga intilishlari ajablanarli emas. Moliyalashtirish startaplar muvaffaqiyatini belgilaydigan mezon bo'lib ko'ringani uchun, ular doimo investorlarni ishontirish uchun qanday xiylalar borligini bilishni xohlashadi. Biz ularga investorlarni ishontirishning eng yaxshi yo'li, startapingiz haqiqatda yaxshi ishlayotganini ko'rsatish, ya'ni tez o'sayotganini aytish, va shunchaki bu haqda investorlarni xabardor qilish ekanligini aytamiz. Keyin ular tez o‘sish uchun qanday yo’llar borligini bilishni xohlashadi. Va biz ularga, bu ishni qilishning eng yaxshi yo'li, shunchaki odamlar xohlaydigan narsani yaratish ekanligini tushuntirishimiz kerak bo’ladi. YC hamkorlari va yosh tadbirkorlar o‘rtasidagi ko‘plab suhbatlar “Qanday qilib biz…” degan savoldan boshlanadi, va hamkorning javobi esa “Shunchaki…” bo’ladi. Nega tadbirkorlar har doim narsalarni shunchalik murakkablashtiradilar? Sababi, men tushunib yetdimki, ular nayrang usullarini izlashga harakat qilishadi. Demak, startaplar haqida esda tutish kerak bo‘lgan uchinchi qarama-qarshi narsa shundaki: startap boshlash bu tizimni aldash ishlamay qoladigan joydir. Agar siz katta kompaniyada ishlasangiz, tizimni aldash davom etishi mumkin. Kompaniyaning qanchalik buzilganligiga qarab, kerakli odamlarga yoqish, samaradorlik taassurotini yaratish va shunga o‘xshash hiylalar bilan muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Ammo bu usul startaplarda ish bermaydi. Startapda aldash mumkin bo‘lgan hech qanday rahbar yo‘q, faqat foydalanuvchilar bor va ularning qayg‘uradigan yagona narsasi sizning mahsulotingiz ularning ehtiyojlarini qondirishi. Startaplar fizikaga o’xshab hissiyotsiz. Odamlar xohlaydigan narsani yaratishingiz kerak, va faqat shu ishni yuqori darajada qilish orqali muvaffaqiyatga erishasiz. Xavfli tomoni shundaki, aldash investorlar uchun ma'lum darajada ishlaydi. Agar siz o'zingizni mavzuni yaxshi biladigan qilib ko'rsata olsangiz, investorlarni kamida bir yoki hatto ikki moliyalashtirish bosqichida alday olasiz. Ammo bu sizning manfaatlaringizga mos kelmaydi. Kompaniya oxir-oqibat barbod bo'lishga mahkum bo’ladi. Siz faqat o'z vaqtingizni behuda sarflab, uni halokatga yetaklaysiz. Shunday ekan, hiylani izlashni bas qiling. Startaplarda, boshqa sohalar kabi, hiylalar bor, lekin ular haqiqiy muammoni hal qilishdan ko‘ra kamroq ahamiyatga ega. Foydalanuvchilar sevib qoladigan narsani yaratgan, lekin moliyalashtirish haqida hech narsa bilmaydigan tadbirkor, kitobdagi barcha hiylalarni biladigan, ammo moliya bo’yicha kam savodga ega tadbirkorga qaraganda pul yig‘ishni osonroq amalga oshiradi. Va undan ham muhimi, foydalanuvchilar sevgan mahsulot yaratgan tadbirkor, pul yig‘gandan keyin muvaffaqiyatga erishishda davom etadi. Bir tomondan, bu yomon yangilik bo‘lib ko‘rinishi mumkin, chunki siz eng kuchli qurollaringizdan biri — tizimni aldash imkoniyatidan mahrum bo‘lasiz. Ammo menimcha, startap boshlaganda tizimni aldash ishlamay qolishi qiziqarli. Yaxshi ish qilib g‘alaba qozonadigan dunyo qismlari mavjudligining o’zi qiziqarli. Tasavvur qiling, dunyo maktab yoki katta kompaniyalar kabi bo‘lsa qanday ruhiy tushkunlikka tushardik, u yerda ko‘p vaqtni foydasiz narsalarga sarflashingiz yoki shunday qilayotgan odamlarga mag‘lub bo‘lishingiz kerak bo’lardi. Men kollejda o'qiyotgan paytimda, haqiqiy hayotning ba'zi qismlarida tizimni aldash boshqalarga qaraganda kamroq ahamiyatga ega ekanini, hatto ayrim joylarda deyarli ahamiyatsiz ekanini bilganimda juda foydali bo’lgan bo’lardi. Ammo shunday qismlar mavjud va bu xilma-xillik kelajak haqida o‘ylayotganda eng muhim narsalardan biridir. Har bir turdagi ishda qanday g‘alaba qozonish mumkin va siz nima bilan g‘alaba qozonishni xohlaysiz? To’liq band qiluvchilik 1. Startaplar hayotingizni butunlay egallaydi Bu bizni to‘rtinchi qarama-qarshi fikrga olib keladi: startaplar butunlay o‘ziga tortadi. Agar siz startap boshlasangiz, bu sizning hayotingizni o‘zingiz tasavvur qilganingizdan ham ko‘proq darajada egallaydi. Agar startapingiz muvaffaqiyat qozonsa, u hayotingizni uzoq vaqt davomida, bir necha yilga, balki o‘n yilga, hatto mehnat faoliyatingizning qolgan qismiga to‘liq egallashi mumkin. Shunday qilib, bu yerda haqiqiy imkoniyatlar xarajati mavjud. 2. Muvaffaqiyatning qiyinchiliklari Larri Peyj hayoti havas qilsa arziydigan ko'rinishi mumkin, ammo unda havas qilmaslik kerak bo'lgan jihatlar ham bor. Aslida, u 25 yoshida qo'lidan kelganicha tezroq yugurishni boshladi va ehtimol, o‘shandan beri nafas olish uchun ham to‘xtamagan kabi tuyuladi. Google imperiyasida har kuni faqat CEO hal qila oladigan yangi muammolar paydo bo‘ladi, va u, CEO sifatida, ularni hal qilishi lozim. Agar u bir haftalik ta'tilga chiqsa, bir haftalik muammo zaxirada to‘planadi. Larri bularning barchasini shikoyat qilmasdan hal qilishi kerak, qisman kompaniyaning “otasidek” bo‘lgani uchun qo‘rquv yoki zaiflikni ko‘rsata olmaydi, qisman esa milliarderlarga qiyin hayot kechirayotgani haqida gapirsa, hamdardlik bildiradiganlar bo‘lmaydi. Bu esa, qiziq bir oqibatga olib keladi: muvaffaqiyatli startap asoschisi bo‘lishning qiyinchiliklari deyarli hech kimga ayon bo‘lmaydi, faqat buni boshdan kechirganlardan boshqa. 3. YC va startaplarning qiyinchiliklari YC hozirda bir nechta yirik muvaffaqiyatli kompaniyalarni moliyalashtirdi, va har bir holatda asoschilar bir xil narsani aytishadi: bu hech qachon osonlashmaydi. Muammolarning tabiati o‘zgaradi. Endi siz studiyangizdagi buzilgan konditsioner haqida emas, Londondagi ofisingizdagi qurilish kechikishlari haqida qayg‘urasiz. Ammo tashvish hajmi hech qachon kamaymaydi; agar biror narsa bo'lsa, u yanada ortadi. 4. Startaplar va bolali bo‘lishning o‘xshashligi Muvaffaqiyatli startap boshlash bolali bo'lishga o‘xshaydi, chunki bu hayotingizni qaytarib bo‘lmaydigan tarzda o‘zgartiradigan tugmani bosishdir. Bolali bo‘lish haqiqatan ham ajoyib bo‘lsa-da, bolali bo’lishdan oldin bajarish osonroq bo‘lgan juda ko‘p narsalar bor. Ularning ko‘pchiligi sizni bolalaringiz bo‘lganda yaxshi ota-ona qilishga yordam beradi. Tugmani bosishni kechiktirish imkoniyati bo'lganligi sababli, boy mamlakatlardagi ko‘pchilik odamlar buni kechiktirishadi. Ammo startaplarga kelganda, ko'p odamlar hali kollejda o'qiyotgandayoq startap boshlash kerak deb o'ylashadi. Aqldan ozganmisiz? Universitetlar nima deb o‘ylashyapti? Ular talabalarga kontraseptiv vositalarni yetarlicha ta’minlash uchun qo‘lidan kelganini qilishadi, ammo shu bilan birga, hamma joyda tadbirkorlik dasturlari va startap inkubatorlarini tashkil etishyapti. 5. Universitetlar va startaplar Adolat yuzasidan aytish kerakki, universitetlar bu yerda bir oz majburlangan vaziyatda. Ko'plab yangi talabalar startaplarga qiziqishadi. Universitetlardan, hech bo'lmaganda, haqiqattan ham, ularni kelajakdagi kasblariga tayyorlashlari kutiladi. Shuning uchun startap boshlashni istagan talabalar, universitetlar ularga bu haqida o'rgata oladi deb umid qilishadi. Universitetlar buni amalga oshira oladimi yoki yo'qmi, ularga buni amalga oshirishga undaydigan bosim bor, aks holda ular shunday imkoniyatlarni taklif qiladigan boshqa universitetlarga abituriyentlarni boy berishlari mumkin. Universitetlar talabalarga startap haqida o’rgata oladimi? Ha va yo’q. Ular startaplar haqida ma'lumot bera olishadi, lekin oldin aytib o'tganimdek, bu sizga kerak bo'lgan asosiy bilim emas. Siz o'rganishingiz kerak bo'lgan narsa — bu o'z foydalanuvchilaringiz ehtiyojlari, va buni faqat kompaniya boshlaganingizda o‘rganishingiz mumkin. Shunday qilib, startap boshlash — bu faqat amalda o‘rganish mumkin bo‘lgan narsa. Va buni kollejda qilish imkonsiz, chunki men ilgari tushuntirganimdek, startap hayotingizni egallab oladi. Agar startapni rostan boshlasangiz, siz talaba bo‘lishni bas qilasiz. Nominal ravishda bir muncha vaqt talaba bo‘lishingiz mumkin, lekin uzoq vaqt davomida bu ilojsiz bo’lib qoladi. Bu ikki yo‘l o‘rtasida qaysi birini tanlashingiz kerak? Haqiqiy talaba bo‘lib, startap boshlamaslik yoki haqiqiy startap boshlash va talaba bo‘lmaslik? Bu savolga men siz uchun javob bera olaman: kollejda startap boshlamang. Startap boshlash — bu aslida hal qilmoqchi bo‘lgan katta muammoning bir qismi: qanday qilib yaxshi hayot kechirish. Maqsadli odamlar uchun startap boshlash yaxshi hayotning bir qismi bo‘lishi mumkin, lekin 20 yosh bu ishni qilish uchun optimal vaqt emas. Startap boshlash juda tez va chuqur yo‘nalishda qidirish (depth-first search) kabi. 20 yoshda ko‘pchilik hali keng ko‘lamli qidirishni (breadth-first search) davom ettirishi kerak. 6. Yigirma yoshda startap boshlash Yigirma yoshlar boshida qilishingiz mumkin bo‘lgan narsalar ko’p, ular bu davrdan oldin yoki keyin yaxshi bajarilmaydi, masalan, biron-bir loyiha bilan ko‘ngildan g‘oyibona shug‘ullanish va muddatsiz, juda arzon sayohat qilish. Maqsadsiz odamlar uchun bu "parvozdan voz kechish" deb ataladigan tushkun holat bo‘lishi mumkin, lekin maqsadli odamlar uchun bu bebaho tadqiqot bo'lishi mumkin. Agar 20 yoshda startap boshlasangiz va yetarlicha muvaffaqiyatli bo‘lsangiz, hech qachon bunday imkoniyatlarga ega bo‘lmaysiz. Mark Sukerberg hech qachon chet elga sayohat qilib yurish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. U boshqa odamlar qila olmaydigan narsalarni qila oladi, masalan, uni chet elga olib boradigan samolyotlarni ijaraga olish. Ammo muvaffaqiyat uning hayotidagi ko‘plab kutilmagan imkoniyatlarni olib qo‘ygan. U Facebookni boshqargani kabi, Facebook ham uni boshqaradi. Hayotingizning asosiy ishi deb hisoblaydigan loyiha bilan shug‘ullanish juda ajoyib bo‘lishi mumkin, ammo hayotning boshida kutilmagan hodisalarga duch kelishning ham afzalliklari bor. Bular orasida sizga hayotingizning asosiy ishi sifatida tanlash uchun ko'proq imkoniyatlar berilishidir. Bu yerda hatto biron-bir murosa ham yo‘q. Agar 20 yoshda startap boshlashdan voz kechsangiz, hech narsani qurbon qilmaysiz, chunki kutganingizda muvaffaqiyatga erishish ehtimolingiz yuqori bo‘ladi. Agar kamdan-kam hollarda sizning yon loyihangiz Facebook kabi muvaffaqiyatga erishsa, bu sizni uni davom ettirish yoki qilmaslik tanloviga olib keladi va uni davom ettirish ma'qul bo‘lishi mumkin. Ammo odatda startaplar asoschilar tomonidan "ko‘tariladi", va 20 yoshda buni qilish mutlaqo mantiqsizdir. Urinib ko’ring Har qanday yoshda startap boshlash kerakmi? Men startaplarni juda qiyin qilib tasvirlaganimni bilyapman. Agar buni hali to‘g‘ri yetkazmagan bo‘lsam, yana bir bor urinishimga ijozat bering: startap boshlash haqiqatda juda qiyin. Agar bu juda qiyin bo'lsa-chi? Qanday qilib bu qiyinchilikka dosh bera olishingizni bila olasiz? Javob beshinchi qarama-qarshi fikrga borib taqaladi: siz buni bila olmaysiz. Hozirgacha hayotingizda matematik bo'lish yoki professional futbolchi bo'lishga urinsangiz, qanday natijalar olishingizni tasavvur qilgan bo'lishingiz mumkin. Ammo, agar hayotingiz juda g‘aroyib bo‘lmagan bo‘lsa, siz startap asoschisi bo‘lishga o‘xshash biror narsa qilmagan bo‘lsangiz kerak. Startap boshlash sizni juda o'zgartiradi. Shunday qilib, siz anglamoqchi bo'lgan narsa faqat kim ekaningiz emas, balki kimga aylanishingiz mumkinligi, va buni kim aniq ayta olishi. 1. Startap asoschilarining muvaffaqiyatini oldindan aytish imkonsiz So'nggi 9 yil davomida mening vazifam odamlarning muvaffaqiyatli startap boshlash uchun yetarli salohiyati bor-yo‘qligini bashorat qilish edi. Ularning qanchalik aqlli ekanini aniqlash oson edi, va bu maqolani o'qiyotgan ko'pchilik bu mezondan yuqori bo'ladi. Qiyin qismi, ularning qanchalik chidamli va maqsadli bo‘lishini oldindan aytib berish edi. Bu haqda ko'proq tajribaga ega bo'lgan odamlar kam bo'lishi mumkin, shuning uchun ekspert bu borada qanchalik bilishi mumkinligini sizga aytib bera olaman, va javob juda ko'p emas. Men har bir guruhdagi qaysi startaplar yulduzga aylanishini aniqlashda to'liq ochiq fikrda bo'lishni o'rgandim. Asoschilar ba'zida o'zlarini bilaman deb o'ylashadi. Ba'zilari hayotlaridagi (kam, sun'iy, oson) sinovlarni qanday muvaffaqiyatli bajargan bo'lsalar, YC dasturida ham shunday muvaffaqiyatga erishishlariga amin bo'lib kelishadi. Boshqalari qanday qabul qilinganliklariga hayron bo'lishadi va YC ularni qabul qilishda qaysi xato sodir bo'lganini bilib qolmasligidan umid qilishadi. Ammo asoschilarni dastlabki kayfiyatlari va ularning kompaniyalari qanchalik muvaffaqiyatli bo'lishi o'rtasida katta bog‘liqlik yo‘q. Men harbiy xizmatda ham shunga o'xshash holat borligini o'qigandim — mag‘rur ko‘rinadigan askarlarning haqiqatan ham kuchli bo‘lib chiqish ehtimoli sokinlardan ko‘proq emas. Ehtimol, sababi ham bir xil: oldingi hayotlaridagi sinovlar harbiy xizmatdagidan juda boshqacha bo‘lgan. Agar startap boshlashdan mutlaqo qo‘rqayotgan bo‘lsangiz, ehtimol buni qilmasligingiz kerak. Ammo agar siz faqat bu ishni uddalay olamanmi deb shubhalanayotgan bo‘lsangiz, buni bilishning yagona yo‘li — bu urinib ko‘rishdir. Faqat hozir emas. G’oyalar 1. O'ylab topishga urinishdan qoching Agar bir kun startap boshlamoqchi bo'lsangiz, kollejda nima qilishingiz kerak? Sizga dastlab kerak bo'ladigan ikkita narsa bor: g'oya va hamkorlar. Ikkalasini olishning yo‘li bir xil. Bu bizning oltinchi va so‘nggi qarama-qarshi fikrimizga olib keladi: startap g‘oyalarini topishning yo‘li — bu startap g‘oyalari o‘ylab topishga urinish emas. Bu haqda butun bir maqola yozganman, shuning uchun hammasini bu yerda takrorlamayman. Ammo qisqacha aytganda, agar siz startap g‘oyalarini o‘ylab topishga ongli ravishda harakat qilsangiz, paydo bo‘lgan g‘oyalar nafaqat yomon, balki yomon va ishonarli ko‘rinadi, ya'ni ular yomon ekanini tushunganingizga qadar ko‘p vaqt sarflaysiz. Yaxshi startap g‘oyalarini o‘ylab topish yo‘li — bir qadam orqaga chekinish. Startap g‘oyalarini ongli ravishda o‘ylab topishga harakat qilish o‘rniga, miyangizni g‘oyalar ongli ravishda emas, balki tabiiy ravishda shakllanadigan holatga aylantiring. Darhaqiqat, shunchalik ongsizki, ular dastlab startap g‘oyalari ekanini ham anglamang. Bu shunchalik imkonliki, Apple, Yahoo, Google va Facebook ham shunday yo‘l bilan boshlangan. Bu kompaniyalarning hech biri dastlab kompaniya bo‘lishi rejalashtirilmagandi. Ularning barchasi shunchaki yon loyihalar edi. Eng yaxshi startaplar deyarli yon loyihalar sifatida boshlanishi kerak, chunki katta g‘oyalar shunchalik noodatiy bo‘ladi-ki, ularni kompaniya uchun g‘oya sifatida ongli ravishda rad qilishingiz mumkin. Xo‘sh, miyangizni startap g‘oyalari ongli ravishda shakllanadigan holatga qanday aylantirasiz? Muhim bo‘lgan narsalar haqida ko‘p o‘rganing, keyin o‘zingizni qiziqtirgan muammolar ustida ishlang, va yoqtirgan va hurmat qiladigan odamlardan iborat jamoa bilan ishlang. Uchinchisi, bu jarayonda hamkorlarni topishning ham bir yo‘lidir. Bu fikrni birinchi marta yozganimda, "muhim narsalar haqida ko‘p o‘rganing" o‘rniga "biror texnologiyani yaxshi o‘zlashtiring" deb yozgandim. Ammo bu tavsiya yetarli bo‘lsa-da, juda tor. Brayn Cheskiy va Joe Gebbiani maxsus qilgan narsa texnologiya bo'yicha ekspert bo'lishlari emasdi. Ular dizaynda yaxshi edi va, ehtimol, undan ham muhimrog‘i, ular guruhlarni tashkil qilish va loyihalarni amalga oshirishda yaxshi edi. Shunday qilib, siz texnologiya bilan ishlashingiz shart emas, faqat sizni yetuklikka undaydigan muammolar ustida ishlasangiz bo‘ldi. 4. Qiziqish va haqiqat Bular qanday muammolar? Bunga umumiy holda javob berish qiyin. Tarixda yoshlarning muhim deb hisoblamagan, ayniqsa ota-onalari tomonidan muhim deb topilmagan muammolar ustida ishlaganligiga ko‘plab misollar mavjud. Boshqa tomondan, tarixda farzandlari vaqtlarini behuda sarflayotgan deb o‘ylagan ota-onalar haqli bo‘lgan holatlar undan ham ko‘p. Xo‘sh, qachon haqiqiy narsalar ustida ishlayotganingizni qanday bilasiz? Men qanday bilishimni bilaman. Haqiqiy muammolar qiziqarli bo‘ladi va men qiziqarli narsalar ustida ishlashni xohlayman, hatto hech kim ular bilan qiziqmasa ham (ayniqsa hech kim qiziqmasa), va o‘zimni zerikarli narsalar ustida ishlashga majburlashim juda qiyin, hatto ular muhim deb hisoblansa ham. Hayotim shunday holatlar bilan to‘la-ki, men biror narsa ustida faqat u qiziq tuyulgani uchun ishlaganman va keyinchalik u dunyoviy jihatdan foydali bo‘lib chiqqan. YC o‘zi men faqat qiziqarli bo‘lib tuyulgani uchun qilgan narsam edi. Shunday qilib, men ichki kompasga egaman. Ammo boshqa odamlar nimani boshdan kechirayotganini bilmayman. Balki bu haqda ko‘proq o‘ylasam, haqiqatan ham qiziqarli muammolarni tan olish uchun yangi g’oyalar ishlab chiqa olishim mumkin, lekin hozircha taklif qiladigan eng yaxshi maslahat shuki, haqiqatan ham qiziqarli muammolarga intilsangiz, ularga faol ravishda sho‘ng‘ish startapga tayyorlanishning eng yaxshi yo‘li. Ehtimol, hayotni yashashning ham eng yaxshi yo‘lidir. Garchi umumiy holda nima qiziqarli muammo ekanligini tushuntirib berolmasam-da, men ularning katta to‘plami haqida gapira olaman. Agar texnologiyani qandaydir fraktal dog‘ kabi tarqalayotgan narsa deb hisoblasangiz, chegaradagi har bir harakatlanayotgan nuqta qiziqarli muammo bilan bog‘liq bo‘ladi. Shunday qilib, yaxshi startap g‘oyalariga ega bo‘ladigan ongga ega bo‘lishning kafolatlangan yo‘li o‘zingizni qandaydir texnologiyaning yetakchi qismiga olib borishdir — Pol Buxxit aytganidek, o‘zingizni “kelajakda yashashga” majburlashdir. Siz bu joyga yetganingizda, boshqa odamlarga g‘ayrioddiy tuyuladigan g’oyalar sizga oddiy tuyuladi. Siz ularni startap g‘oyalari ekanini anglamasligingiz mumkin, lekin ular mavjud bo‘lishi kerakligini bilasiz. Masalan, 90-yillarning o‘rtalarida Garvardda, mening do‘stlarim Robert va Trevorning bir tanishi o‘zining ovoz orqali IP dasturini yozgan edi. U buni startapga aylantirishni maqsad qilmagan va hech qachon bunga urinmagan. U shunchaki Tayvandagi qiz do'sti bilan uzoq masofaga qo‘ng‘iroq uchun to‘lov qilmasdan gaplashmoqchi bo‘lgan, va u tarmoqlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani uchun ovozni paketlarga aylantirib, uni Internet orqali yuborish eng aniq yo‘l bo’lgan. U dasturi bilan qiz do'sti bilan gaplashishdan boshqa hech narsa qilmagan, ammo eng yaxshi startaplar aynan shunday boshlanadi. Shunday qilib, g‘alati tarzda, kollejda muvaffaqiyatli startap asoschisi bo‘lishni istasangiz, qilishingiz kerak bo‘lgan narsa “tadbirkorlik”ga qaratilgan yangi turdagi kasbiy kollejda o’qish emas. Bu, aslida, faqat ta’lim uchun o‘qitadigan klassik kollej talabi. Agar kollejdan keyin startap boshlamoqchi bo‘lsangiz, kollejda kuchli narsalarni o‘rganishingiz kerak. Agar siz haqiqiy intellektual qiziquvchan bo'lsangiz, shunchaki o‘z xohishingizga ergashsangiz, tabiiy ravishda shunday qilasiz. Tadbirkorlikning haqiqatan ham ahamiyatli qismi — bu soha bo‘yicha bilimdir. Larri Peyjga aylanishning yo‘li qidiruv bo‘yicha mutaxassis bo‘lish edi. Va qidiruv bo‘yicha mutaxassis bo‘lishning yo‘li chinakam qiziquvchanlikdan kelib chiqishi kerak, biror boshqa yashirin maqsaddan emas. Eng yaxshi holatda startap boshlash faqat qiziquvchanlik uchun yashirin bir maqsaddir. Va siz buni jarayon oxirida anglab yetsangiz, yanada yaxshi natijaga erishasiz. Shunday qilib, yosh, bo‘lajak startap asoschilari uchun oxirgi maslahatni ikki so‘zga qisqartirish mumkin: shunchaki o‘rganing.
Tarjimon: Abdualimov Jaxongirbek
Muharrir: Muhammad Dovud Kenjayev
Biznes Bo'limi Lideri: Husan Isomiddinov
Manba: https://www.startupschool.org/curriculum/before-the-startup
1. Xatolarga yo'l qo'ymaslikning kaliti
2. Y Combinator va asoschilarning maslahatlarni e'tiborsiz qoldirishi
3. Hamkorlar bilan ishlashda shubhalarni yengish4. Startapda haqiqiy muammoni hal qilish zarur
5. Foydalanuvchilarni tinglash asosiy omil
2. Bir qadam orqaga chekinish
3. Startap g'oyalarini tabiiy ravishda yaratish
5. Startapga tayyorlanishning eng yaxshi yo‘li
6. Bilimga erishish yo‘li
Izoh qoldirish